“Ochiq dars” – "sirli muallim", ta’lim va tarbiya haqida o‘yga chorlovchi spektakl
“Yaxshi muallim” degan nomni olish uchun bugun faqatgina chuqur bilimning o‘zi kifoya emas. Buning uchun kasbga sadoqat, fidoyilik, bolalarga mehr, teran dunyoqarash, yuksak mas’uliyat va doimiy izlanish talab etiladi. Zero, haqiqiy ustoz o‘quvchiga shunchaki dars bermaydi — uning dunyoqarashini shakllantiradi, qalbiga ezgulik urug‘ini sochadi, ilm-fanning beqiyos va maftunkor olamiga yetaklaydi.
Ayni shu haqiqatlar atrofida mushohada yuritishga undaydigan sahna asarlaridan biri atoqli adib Luqmon Bo‘rixonning “Sirli muallim” qissasi motivlari asosida O‘zbekiston davlat drama teatrida sahnalashtirilgan “Ochiq dars” spektaklidir.
Mazkur spektakl mohir ijodkor Samidxon Lutfullayev tomonidan yaratilgan. Asarda maktab hayoti, o‘qituvchining mashaqqatli va mas’uliyatli mehnati, o‘quvchi va ustoz o‘rtasidagi munosabatlar bilan bir qatorda ta’lim tizimida uchrab turadigan ayrim muammolar ham ochiq va ta’sirchan tarzda aks ettirilgan.
Spektakl nomi “Ochiq dars” bo‘lsa-da, sahnadagi voqealar faqatgina sinfxona yoki maktab doirasi bilan cheklanib qolmaydi. Aksincha, tomosha davomida ta’lim va tarbiya, ustozning jamiyatdagi o‘rni, farzand tarbiyasiga ota-onaning munosabati, yosh avlodning ma’naviy kamoloti kabi dolzarb masalalar o‘rtaga tashlanadi. Sahnadagi har bir vaziyat tomoshabinni befarq qoldirmaydi. Kimdir unda o‘zining maktabdagi ustozini ko‘rsa, yana kimdir o‘quvchilik yillarini eslaydi. Ayrim sahnalar esa bugungi ta’lim jarayoni, o‘qituvchi zimmasidagi mas’uliyat va jamiyatning ustozga bo‘lgan munosabati haqida jiddiy o‘ylashga undaydi.

Spektaklning e’tiborli jihatlaridan biri shundaki, unda o‘qituvchi timsoli faqat dars o‘tadigan mutaxassis sifatida emas, balki yosh avlod taqdiri uchun mas’ul inson sifatida talqin etiladi. Chunki bir og‘iz so‘z, bir qarash, birgina e’tibor ham bolaning kelajakdagi hayotiga ta’sir qilishi mumkin.
Bugun maktablarda zamonaviy texnologiyalar, yangi pedagogik usullar va innovatsion yondashuvlar keng joriy etilayotgan bir paytda ustoz shaxsining ma’naviy qiyofasi hamon muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki eng so‘nggi texnologiya ham mehrsiz va e’tiborsiz ta’lim o‘rnini to‘liq bosa olmaydi. Bolaning qalbiga yo‘l topish, unda ilmga qiziqish uyg‘otish esa, avvalo, o‘qituvchining inson sifatidagi fazilatlariga bog‘liq.
“Ochiq dars” spektaklida ana shu jihatlar sahna tili orqali ochib beriladi. Asardagi qahramonlar taqdiri, ularning o‘zaro munosabatlari va ziddiyatlari orqali ta’lim sohasidagi muammolarning ildizlari haqida fikr yuritiladi. Tomoshabin esa voqealarni kuzatar ekan, “Haqiqiy ustoz qanday bo‘lishi kerak?”, “O‘qituvchining jamiyatdagi mas’uliyati nimadan iborat?”, “Farzand tarbiyasida maktab va oila hamkorligi qay darajada muhim?” kabi savollarga javob izlaydi.

Rejissyor spektakl yechimida sahnaviy ifoda vositalaridan unumli foydalangan. Voqealarning tabiiyligi, qahramonlar o‘rtasidagi muloqotlar va hayotiy vaziyatlarning ishonarli talqini tomoshabinni spektakl muhitiga yaqinlashtiradi. Ayniqsa, jiddiy ijtimoiy masalalarning ortiqcha balandparvozliksiz, hayotiy voqealar orqali ifodalanishi asar ta’sirchanligini oshirgan. Zero, spektakl mualliflari tomoshabinni mulohazaga chorlashni maqsad qilgani seziladi.
Asarning yana bir muhim jihati – unda ta’lim masalasi butun jamiyat muammosi sifatida qaraladi. Chunki maktabdagi muhit, o‘qituvchining obro‘si, o‘quvchining bilim olishga munosabati va farzand tarbiyasi faqatgina bir muassasa yoki bir insonning vazifasi emas. Bu jarayonda oila, maktab va jamiyatning o‘zaro hamkorligi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu ma’noda “Ochiq dars” spektaklini oddiy maktab hayoti haqidagi sahna asari, deb baholash kamlik qiladi. U tomoshabinni ta’lim va tarbiya haqida yana bir bor o‘ylashga, ustoz mehnatining qadrini anglashga, farzandlarimiz kelajagi uchun har birimiz mas’ul ekanimizni his etishga undaydi.
Spektakl yakuniga yetganda esa tomoshabin qalbida bir haqiqat yanada oydinlashadi: yaxshi o‘qituvchi – yaxshi dars beruvchi emas, balki yaxshi insonni tarbiyalay oladigan ustozdir.Bugun ta’lim sohasida katta islohotlar amalga oshirilayotgan bir davrda bunday mavzularning teatr sahnasiga olib chiqilayotgani ham muhim. Zero, teatrning vazifasi faqat ko‘ngilochar tomosha ko‘rsatishdan iborat emas. U jamiyatdagi muammolarni ko‘rsatishi, insonni o‘ylantirishi, savol berishga va xulosa chiqarishga undashi bilan ham qadrli.
“Ochiq dars” ana shunday spektakllardan. Undagi voqealar, qahramonlar va muammolar tomoshabinga tanish. Balki shuning uchun ham spektakl ko‘pchilikka yaqin va ta’sirchan tuyuladi. Zero, har birimiz hayotimizda hech bo‘lmaganda bir marta “yaxshi muallim”ga duch kelganmiz. Bizga birinchi marta kitobni sevdirgan, o‘zimizga ishonishni o‘rgatgan, xato qilganimizda to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatgan ustozni yillar o‘tsa ham unutmaymiz.“Ochiq dars” esa ana shu unutilmas ustozlar xotirasini, bugungi o‘qituvchining mas’uliyatini va ertangi avlod oldidagi burchimizni yana bir bor eslatadi.
Teatrning badiiy rahbari – O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, Hamza nomidagi
Davlat mukofoti sovrindori – Olimjon Salimov. “Sirli muallim” ya’ni Najot G‘aybulla rolini Nodir Muhammadjonov ijro etgan. Spektaklda shuningdek, Nodir Mirzaahmedov, Karim Ramazonov, Nodir Bekmurodov, Dinara Toshmatova, Nazokat Muhamedova va boshqa aktyorlar ishtirok etishgan.
N.Usmonova, Bahodir Ergashov (suratlar), O‘zA