Obod tomorqa xonadon farovonligini ta’minlaydi
Mamlakatimizda «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari doirasida 5 millionga yaqin yurtdoshimiz yashaydigan 1 ming 200 ta mahalla va qishloqdagi sharoitlar yaxshilandi. Mazkur dasturlarga asosan 8 mingta mahallada bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar belgilab olingan.
Bu jarayonda obodonchilik ishlari bilan bir qatorda, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholini kambag‘allikdan chiqarish masalalari ham ko‘zda tutilgan. O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi ham ushbu dasturlarda faol ishtirok etib, sharoiti og‘ir bo‘lgan 796 ta qishloq hamda shaharlardagi 188 ta mahallada tomorqa ishlarini rivojlantirish choralarini ko‘rmoqda.
Shu maqsadda kengash vakillari tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda “mahallabay” ishlash tizimini yo‘lga qo‘yib, har bir xonadon vakillari bilan yuzma-yuz muloqot qilmoqda.
«Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan fuqarolarning muammolarni o‘rganish, xotin-qizlar va yoshlarni agrar tarmoq sohasiga jalb qilish orqali bandligini ta’minlash masalasiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Shu orqali yordamga muhtoj yurtdoshlarimizga ko‘mak ko‘rsatish, ularni doimiy daromadga ega bo‘lishi uchun zarur sa’y-harakatlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Bu borada O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Sirdaryo viloyatida ham tizimli ishlar olib bormoqda. Xususan, Sirdaryo tumanida "Ayollar daftari"ga kiritilgan 84 ta ayolning yashash tarzi, oilasining ijtimoiy ahvoli o‘rganildi. Ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida har bir xonadonning tomorqasi ekishga tayyorlab berildi. Tomorqa atrofiga ekish uchun bepul 475 ta olma, shaftoli, o‘rik, tut kabi mevali daraxt ko‘chati berildi. Ko‘chat ekib, bog‘ yaratish xalqimizning azaliy qadriyatlaridan biri. Zero, o‘zimiz yashab turgan joyni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tufayli ko‘nglimiz shodlikka to‘ladi, turmushimiz fayzli va farovon bo‘ladi.
Qayd etish kerakki, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bu kabi xayrli yumushlarni har bir hudud kesimida amalga oshirmoqda. Maqsad esa yagona – aholi daromadini oshirish orqali kambag‘allikka barham berish.
O‘zA