Obod mahalla – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori
Istiqlolimizning 35 yillik shonli bayrami ostonasida ona diyorimizda bunyodkorlik, shukronalik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga qaratilgan ezgu tashabbuslar keng quloch yoymoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Mahalla – tinchlik va osoyishtalik, ahil-inoqlik, ma’rifat va tarbiya maskanidir. Mahalla obod bo‘lsa – mamlakat obod bo‘ladi, mahallada o‘zgarish bo‘lsa – butun jamiyat o‘zgaradi”.
Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” ning e’lon qilinishi ana shunday ulkan va ezgu maqsadlarni ro‘yobga chiqarishga xizmat qilayotgan tarixiy tashabbuslardan biri bo‘ldi. Mazkur xayrli harakat xalqimizning ko‘p asrlik milliy hashar an’analari, mehr-oqibat, saxovat va birdamlik kabi yuksak qadriyatlarini bugungi shiddatli islohotlar mazmuni bilan mukammal uyg‘unlashtirib, jamiyatda fuqarolik mas’uliyati va daxldorlik tuyg‘usini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Zero, mahalla azaldan xalqimizning ahillik, hamjihatlik va ezgulik timsoli bo‘lib, undagi obodlik va fayz jamiyat taraqqiyoti hamda el farovonligining mustahkam kafolatidir.
Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida ham ushbu oylik doirasida keng ko‘lamli obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va sanitariya-tozalash ishlari uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda. Mahalla fuqarolar yig‘inlari, davlat va jamoat tashkilotlari, ta’lim, tibbiyot va madaniyat muassasalari, tadbirkorlar, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlar vakillari yagona ezgu maqsad yo‘lida birlashib, hududlar qiyofasini tubdan yaxshilashga munosib hissa qo‘shmoqda. Ko‘cha va yo‘laklarni tartibga keltirish, ariq-zovurlarni tozalash, daraxt va go‘zal gul ko‘chatlarini parvarishlash, jamoat maskanlarini obod etish, “Yashil makon” loyihasi asosida yashil hududlarni kengaytirish hamda ekologik muhitni sog‘lomlashtirish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Bu sa’y-harakatlar nafaqat mahallalar ko‘rkini oshirmoqda, balki aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish va har bir yurtdoshimiz qalbida Vatan ravnaqiga bo‘lgan daxldorlik hissini yanada mustahkamlamoqda.

So‘nggi yillarda Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida Shofirkon tumani ham tanib bo‘lmas darajada muhtasham va zamonaviy qiyofa kasb etmoqda. Zamonaviy maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari, ilg‘or tibbiyot maskanlari, sport inshootlari, madaniyat markazlari hamda yirik ishlab chiqarish ob’ektlari qad rostlamoqda. Yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish, ichimlik suvi, elektr energiyasi va boshqa kommunal xizmatlar sifatini oshirish borasidagi xayrli ishlar aholining turmush darajasini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, yoshlar bandligini ta’minlash, xotin-qizlarning ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish hamda oilalar daromad manbalarini ko‘paytirishga qaratilgan chora-tadbirlar tuman iqtisodiyoti va ijtimoiy hayotida tub burilish yasadi. Bugungi yangilanayotgan va yashnayotgan Shofirkon ana shu izchil islohotlarning amaliy va yaqqol in’ikosidir.
Mustaqillik bayrami ostonasida amalga oshirilayotgan bunday ezgu va xayrli ishlar xalqimiz qalbida shukronalik tuyg‘usini yanada mustahkamlamoqda. Tinch va osoyishta hayot, barqaror taraqqiyot, bunyodkorlik va farovonlik istiqlolimizning eng ulug‘ va bebaho ne’mati ekanini har bir yurtdoshimiz chuqur his etmoqda. Shu bois mahallalarimizni yanada ozoda va ko‘rkam etish, atrof-muhitni asrab-avaylash, yashil hududlarni kengaytirish har bir o‘zbekistonlikning shonli fuqarolik burchidir. “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” ana shu ezgu g‘oyalarning amaliy ifodasi sifatida jamiyatimizda birdamlik, mehr-oqibat va bunyodkorlik muhitini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, ushbu tashabbus har bir fuqaroning o‘zi yashayotgan hudud ravnaqiga mas’ulligini oshirib, milliy hashar an’analarini mutlaqo yangi mazmun bilan boyitmoqda.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Shofirkon tuman bo‘linmasi tomonidan mazkur tashabbus doirasida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlari, ekologik madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan uchrashuvlar, davra suhbatlari va yoshlar ishtirokidagi amaliy tadbirlar tizimli ravishda o‘tkazilmoqda. Zero, yuksak ma’naviyat va milliy qadriyatlar hukm surgan jamiyatdagina haqiqiy bunyodkorlik, taraqqiyot va farovonlik barqaror bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari alohida uqtirganidek, “Biz Yangi O‘zbekistonni barpo etishda eng avvalo mahallaga, undagi ma’naviy-ma’rifiy muhitga va odamlarimizning roziligiga tayanamiz. Mahalla obod bo‘lsa, butun mamlakatimiz fayzli va farovon bo‘ladi”. Bugun har bir yurtdoshimizning fidokorona mehnati, mahallamiz ravnaqiga qo‘shayotgan munosib hissasi bu Yangi O‘zbekistonning buyuk kelajagiga qo‘shilayotgan amaliy hissadir. Barchamiz “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” doirasidagi ezgu ishlarda yanada faol ishtirok etib, yangilanayotgan Shofirkon ravnaqiga, xalqimiz farovonligi va Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shaylik. Zero, obod mahalla farovon hayot, kuchli jamiyat va Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam va yengilmas poydevoridir.
Dilorom G‘afforova,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
Shofirkon tuman bo‘linmasi rahbari.
O‘zA