OAV xodimlari munosib taqdirlandi
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi tomonidan matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘rtasida turli ma’naviy-ma’rifiy, sport-sog‘lomlashtirish tadbirlarini o‘tkazish an’ana tusiga kirgan.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi tomonidan matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘rtasida turli ma’naviy-ma’rifiy, sport-sog‘lomlashtirish tadbirlarini o‘tkazish an’ana tusiga kirgan. Navro‘z umumxalq bayrami arafasida ijodkorlar o‘rtasida shaxmat musobaqasi tashkillashtirilgan bo‘lsa, 3 may – Jahon matbuoti erkinligi kuni munosabati bilan jurnalist xotin-qizlar ishtirokida velopoyga o‘tkazildi. 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni arafasida esa voleybol, mini futbol musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning 2017 yil 3 iyundagi “Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash hamda jurnalistlarning kasb bayrami munosabati bilan tashkil etilgan mazkur musobaqalarda Jizzax viloyatida faoliyat yuritayotgan matbuot va OAV xodimlari o‘zaro kuch sinashdi.
– Maqsadimiz matbuot va OAV xodimlari o‘rtasida ommaviy sport va sog‘lomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirish, xodimlar salomatligini mustahkamlash hamda ularni jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishga jalb qilish, qolaversa, xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini shakllantirishdan iborat, – dedi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi raisi Erkin Shermanov.
E’tiborlisi, ijodiy uyushma bu kabi sport tadbirlarini o‘tkazishda viloyat sport o‘yinlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi bilan yaqindan hamkorlikni o‘rnatgan.
– O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Jizzax viloyat bo‘limi bilan matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘rtasida bir qancha sport tadbirlarini o‘tkazdik. Endi esa, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus ijrosini ta’minlash bo‘yicha jurnalistlarning farzandlarini ham sport-sog‘lomlashtirish tadbirlariga jalb qilishni rejalashtirmoqdamiz, – deydi viloyat sport o‘yinlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi direktori Erkin Sattorov.
Jurnalistlarning kasb bayrami arafasida tashkil etilgan mazkur musobaqalar so‘ngida g‘olib va sovrindor jamoalarga diplom va esdalik sovg‘alar topshirildi.
Said DONIShEV,
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy
uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi mutaxassisi.