OAV vakillari mahalliylashtirish dasturi doirasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi
Navoiy kon-metallurgiya kombinatida Mahalliylashtirish dasturi doirasida mahalliylashtirilgan va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari va jurnalistlar uchun Navoiy mashinasozlik zavodiga press-tur tashkil etildi.
Dastlab ishtirokchilar zavoddagi Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va innovatsion rivojlantirish markazida bo‘lishdi. Bu yerda 2024-yilda universitet kafedrasi tashkil etilgan bo‘lib, talabalar nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirgan holda olib borishadi.

Press-tur ishtirokchilari yirik sexlarda bo‘lib, korxonada ish jarayonlari va ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Zavodning quymachilik sexi korxonaning asosiy, tayanch ishlab chiqarish bo‘linmalaridan biri hisoblanadi. Bu yerda 662 nafar muhandis-texnik va ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Malakali mutaxassislar mehnati, zamonaviy texnologiyalar va mahalliylashtirish imkoniyatlaridan samarali foydalanish esa zavodning ishlab chiqarish salohiyatini yanada yuksaltirishga zamin yaratmoqda. Bu yerda asosan quyma mahsulotlar ishlab chiqariladi. Quymachilik sexida o‘rnatilgan 25 tonnalik zamonaviy pech esa metall eritish quvvatini 30 ming tonnadan 35 ming tonnagacha oshirdi.

– Asosiy ishlab chiqarish faoliyatimiz qora va qisman rangli metallurgiya yo‘nalishlarini qamrab olgan, – deydi sex boshlig‘i Bahrullo Qosimov. – Ishlab chiqarilayotgan quyma mahsulotlarning asosiy qismi kombinat ehtiyojlari uchun yetkazib beriladi. Jumladan, tegirmon futerovkalari, rudani qayta ishlash texnologiyasida qo‘llaniladigan ehtiyot qismlar, karer mexanizmlari uchun zarur bo‘lgan turli quyma mahsulotlar tayyorlanmoqda. Joriy yilda sex oldiga 35 ming tonna quyma mahsulot ishlab chiqarish vazifasi qo‘yilgan. Buning qiymati qariyb 850 milliard so‘mni tashkil etadi. Bugungi kunda oylik ishlab chiqarish rejalari to‘liq bajarilib, belgilangan ko‘rsatkichlarga izchil erishib kelinmoqda.
Sexda raqamlashtirish jarayonlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yildan boshlab po‘lat eritish pechlari hamda termik ishlov berish pechlarida raqamlashtirish dasturlarini joriy etish bo‘yicha ishlar boshlangan. Bu, o‘z navbatida, texnologik jarayonlarni nazorat qilish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va mahsulot sifatini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

Navoiy mashinasozlik zavodi Navoiy kon-metallurgiya kombinatining yirik bo‘linmalaridan biri bo‘lib, mahalliylashtirilgan va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha respublikada yetakchi korxona hisoblanadi. Bugungi kunda korxonada 3,5 ming nafardan ortiq muhandis-texnologlar, metallurglar, mexaniklar, konstruktorlar va boshqa kasb egalari fidokorona mehnat qilishmoqda.
– Zavodimizda kombinat gidrometallurgiya zavodlari uchun zamonaviy sharli tegirmonlar, gidrotsiklon va konveyer qurilmalari, nasoslar, quyiltirgichlar, nostandart uskunalar, metallkonstruksiyalar va boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda, – deydi mahalliylashtirish bo‘limi boshlig‘i Baxtiyor Toshpo‘latov. – Mahalliylashtirish dasturi doirasida 2025-yilda 103 ta loyiha bo‘yicha 1,1 trillion so‘mdan ortiq mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2026-yilda esa 123 ta loyiha bo‘yicha 1,8 trillion so‘mdan ortiq mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Zavodda Mexanika-yig‘uv sexini texnik va texnologik qayta jihozlash natijasida og‘irligi 980 tonnagacha bo‘lgan tegirmonlar, yanchish uskunalari, nasoslar, quyultirgichlar ishlab chiqarish va ularni ta’mirlash, og‘irligi 400 tonnagacha bo‘lgan yirik o‘lchamdagi jihozlarga ishlov berish imkoni yaratildi Gidravlika uskunalari ishlab chiqarish uchastkasida poliuretan mahsulotlarini quyish uchun yangi qurilma o‘rnatildi.

Yangi ishlab chiqarish ob’ektlarining foydalanishga topshirilayotganligi bois kombinat bo‘linmalarining metall konstruksiyalar, jihozlar va ehtiyot qismlarga bo‘lgan ehtiyojlari kundan-kunga ortib boryapti. Natijada Mexanika-yig‘uv sexining yirik hajmli dastgohlarga ishlov berish uchastkasi kengaytirilmoqda. Zamonaviy dastgohlar o‘rnatiladigan uchastkani joriy yil yakuniga qadar ishga tushirish mo‘ljallangan.
Ishtirokchilar zavodning stanoksozlik sexida detallarga ishlov berish jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar. Sexda 168 nafar ishchi-xizmatchi mehnat qiladi. Ishlab chiqarish uch smenali tizimda tashkil etilgan bo‘lib, sex 24 soat davomida faoliyat yuritadi. Bu esa buyurtmalarni o‘z vaqtida bajarish, ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish va korxonalar ehtiyojini uzluksiz ta’minlash imkonini beradi.
Joriy yilda sexga Germaniyaning mashinasozlik sohasidagi yetakchi “Kapp Niles” kompaniyasida ishlab chiqarilgan “ZP-24” rusumli dastgoh keltirildi. Ushbu zamonaviy dastgoh diametr o‘lchovi 2,4 ming millimetrgacha bo‘lgan tishli g‘ildiraklarni silliqlash, og‘irligi 20 tonnagacha bo‘lgan yirik detallarga yuqori darajada ishlov berishga mo‘ljallangan. Endilikda zavodda konveyer reduktorlari, kon, shaxta, karer mashinalarining tishli g‘ildiraklari va vallariga yanada aniqlik bilan mexanik ishlov berish imkoni mavjud. Natijada mahsulotlarning ishlash muddati uzayib, ulardan foydalanish jarayonida shovqin darajasi pasayishiga erishilyapti.

– Hozir mexanik ishlov berish uchastkasidamiz. Bu yerda stanoklarning ehtiyot qismlariga ishlov beriladi. Keyingi bosqichda detallar yig‘ish uchastkasiga o‘tib, barcha jarayonlar yakunida tayyor stanok holiga keltiriladi, – deydi stanoksozlik sexi boshlig‘i o‘rinbosari Yo‘ldosh Kenjayev. – Sexda ishlab chiqarish jarayoni uzluksiz tashkil etilgan. Korxona buyurtmalari va ehtiyojidan kelib chiqib, turli detallar tayyorlanadi, ularga mexanik ishlov beriladi va belgilangan texnologik jarayon asosida yig‘iladi. Ayni paytda 17 turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Umuman, sexda 30 dan ortiq turdagi mahsulotlarni tayyorlash imkoniyati mavjud. Bu yerdagi ishlab chiqarishning muhim jihatlaridan biri buyurtmalarning turli korxonalardan kelib tushayotganidir. Jumladan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati va boshqa korxonalardan kelib tushgan buyurtmalar asosida zarur mahsulotlar tayyorlanmoqda. Shuningdek, “Navoiyuran” korxonasi uchun ham bir qator turdagi stanoklar bo‘yicha buyurtmalar qabul qilinib, ularni tayyorlash ishlari amalga oshirilgan.

Navoiy mashinasozlik zavodida amalga oshirilayotgan ishlar korxonaning ishlab chiqarish salohiyatini oshirish bilan birga, Navoiy viloyati va mamlakat sanoati uchun zarur bo‘lgan mashinasozlik mahsulotlarini o‘zlashtirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va ishlab chiqarish kooperatsiyasini yanada rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Press tur davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri