Oʻzbekiston yuksalish bosqichida
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston xalqaro ahamiyatga ega tashabbuslari bilan BMT doirasidagi hamkorlikka yangicha mazmun-mohiyat bagʻishlab, ikki tomonlama aloqalarni jadal mustahkamlab bormoqda.
Yangi Oʻzbekiston shiori ostida yurtimizda olib borilayotgan ochiq siyosat tufayli Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatidagi nufuzi tobora ortayotgani bir qator xalqaro reyting koʻrsatkichlarida va nufuzli anjumanlarda eʼtirof etilmoqda.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston xalqaro ahamiyatga ega tashabbuslari bilan BMT doirasidagi hamkorlikka yangicha mazmun-mohiyat bagʻishlab, ikki tomonlama aloqalarni jadal mustahkamlab bormoqda.
Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida dunyoda barqaror va uzluksiz taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Oʻzbekiston rahbari xalqaro hamjamiyat eʼtiboriga mintaqaviy va global ahamiyatga ega dolzarb masalalarni taqdim etdi. Shuningdek, mamlakatimizni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini ham belgilab berdi.
Taʼkidlash joizki, ayniqsa, global pandemiya tufayli dunyo mamlakatlarida nafaqat sogʻliqni saqlash tizimlari, balki iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa sohalarda inqirozli vaziyat yuzaga kelgan. Shu bois pandemiyadan keyingi tiklanish va barqaror rivojlanishda BMT va uning ixtisoslashgan tashkilotlari bilan faol xalqaro hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi.
“Italiya-Oʻzbekiston” Savdo palatasi prezidenti Luidji Ipertining taʼkidlashicha, Oʻzbekiston soʻnggi uch yilda qator islohotlar bosqichidan oʻtdi va hozirgi kunda Prezident demokratik jarayonlar yangicha tus olgan yangi Oʻzbekiston haqida gapirishi mumkin. Bolalar mehnatining bekor qilinishi, inson huquqlarini taʼminlash, gender tengligi va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, eʼtiqod erkinligi va korrupsiyaga qarshi kurash haqida soʻzlari alohida diqqatga sazovordir.
Davlat rahbari tomonidan BMT shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish taklifi ham ayni paytdagi muhim tashabbuslardan biridir. Mazkur hujjatda har bir davlatning oʻz fuqarolari va xalqaro hamkorlari oldidagi majburiyatlari aks etishi, oʻzaro munosabatlarning yana-da mustahkamlanishiga, oʻzaro ishonch omillarining shakllanishiga zamin yaratadi.
Pandemiya sharoitida fuqarolarimizning sogʻligini mustahkamlash, himoyalash maqsadida Prezidentimiz masʼulligida pandemiyaning salbiy oqibatlarini yumshatish uchun ijtimoiy himoya va sogʻliqni saqlash tizimlari keskin kuchaytirildi, aholiga, iqtisodiyot tarmoqlari va biznesga manzilli koʻmak koʻrsatish kengaytirildi hamda shu maqsadda maxsus jamgʻarmalar tuzildi. Bu albatta, aholimizning salomatligini yana-da mustahkamlash, koronavirus kabi salbiy illatlar bilan kurashishda bevosita xizmat qiladi.
Prezidentimiz sessiya yigʻilishida, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik oʻzgarishlarga toʻxtalib, 2019-yilda boʻlib oʻtgan davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarda, aholi va partiyalarning siyosiy faolligi, fuqarolik jamiyati institutlarining roli tobora oshib borayotganligi, ommaviy axborot vositalarining taʼsiri, koʻlami kengayotganligiga alohida toʻxtalib oʻtdi.
Mazkur saylovlarda 800 dan ortiq xalqaro kuzatuvchilarning tashrif etganligi, “Yangi Oʻzbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida tashkil etilgan saylovlarning nufuzidan, ochiq va oshkora tarzda oʻtganligidan bevosita dalolat beradi. Deputatlikka nomzodlar ham faqatgina siyosiy partiyalar tomonidan bevosita koʻrsatildi, partiyalar oʻrtasidagi oʻzaro sogʻlom raqobat yana-da faollashdi.
Oxirgi yillarda gender tenglik siyosati mamlakatimizning ustuvor vazifasiga aylandi desak, bu ham ayni haqiqatdir. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi oʻrni tobora kuchaymoqda, ularning ishtirokiga keng shart - sharoitlar yaratib berilmoqda. Birgina, oʻtgan yili boʻlib oʻtgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovlarda xotin-qizlarning ulushi 150 deputatdan 48 nafarini tashkil etdi. Bu koʻrsatkich albatta koʻp narsadan dalolat beradi. Qolaversa, Oliy Majlis Senatida Xotin - qizlar va gender tenglik masalalari boʻyicha alohida qoʻmita tashkil etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31-moddasiga muvofiq, hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik huquqiga ega ekanligi belgilab qoʻyilgan. 75-sessiyadagi nutqida Davlatimiz rahbari tomonidan, mamlakatimizda diniy erkinlik borasida vaziyat keskin yaxshilangani, millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglikni yana-da mustahkamlash doimiy muhim vazifa ekanligi qayd etildi.
Darhaqiqat, diniy erkinlik boʻyicha keyingi yillarda amalga oshirilgan ishlar xalqimizga, shuning barobarida xalqaro jamoatchilikka ham yaxshi maʼlum. Bu oʻrinda diniy masalalar boʻyicha maxsus roʻyxatda turgan shaxslarning ushbu roʻyxatdan chiqarilgani, koʻplab diniy mahbuslar afv etilgani, yangi masjidlar ochilayotgani, diniy taʼlim olish uchun imkoniyatlar kengayayotgani 2020-yilda AQSHning xalqaro diniy erkinlik boʻyicha komissiyasi (USCIRF) Oʻzbekistonni “diniy erkinlik sohasida alohida xavotirga molik davlatlar” qatoridan olib tashlaganini taʼkidlab oʻtish lozim.
Prezidentimiz nutqida taʼkidlaganidek, mamlakatimiz aholisining yarmidan koʻpini yoshlar tashkil etishi va har bir yigit-qizning jamiyatda munosib oʻrin egallashi va oʻz salohiyatini namoyon etishi uchun ulkan ishlar amalga oshirilayotganligiga toʻxtalib oʻtdi. Shuning asnosida 2020-yil oʻz maqomiga ega boʻlgan Oʻzbekistonda Yoshlar parlamentlari, Yoshlar ishlari agentligi faoliyat koʻrsatayotganligi alohida taʼkidlab oʻtildi.
Mamlakatimizda yoshlarga boʻlayotgan eʼtibor, gʻamxoʻrlikdan kelib chiqqan holda, Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti konvensiyasini qabul qilish boʻyicha Oʻzbekiston tashabbusi ilgari surildi. Bu albatta, dunyo yoshlarini yana-da jipslashtirish, munosib shart-sharoitlarda yashash, taʼlim olish, intellektual qobiliyatlarini namoyish etish kabi jihatlarni oʻzida mujassamlashtiradi.
Maʼlumki, xalq vakili sifatida parlamentning oʻrni, nufuzi, vakolatlari yildan-yilga ortib bormoqda. Negaki, parlament xalqning ishonchi asosida faoliyat olib yuboruvchi, ularning huquq va manfaatlarini qabul qilgan qonunlar asosida himoyalovchi alohida hokimiyat tarmogʻidir. 2017- 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida ham Oliy Majlis palatalarining rolini yana-da kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan.
Sessiyada Prezidentimiz tashabbusi bilan Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlar rolini oshirish toʻgʻrisidagi BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi ilgari surildi. Shu orqali, parlamentlararo hamkorlik masalalarini yana-da kuchaytirish, inson huquqlarini taʼminlashda parlament rolini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi.
Muxtasar qilib aytganda, BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan barcha fikr va tashabbuslar Oʻzbekistonning BMTdek nufuzli tashkilot bilan hamkorligi soʻnggi yillarda yangicha mazmun-mohiyat kasb etayotganini, qolaversa, yangilanayotgan Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar, olib borilayotgan ochiq, oshkora ichki va tashqi siyosat naqadar toʻgʻri ekanligini jahon hamjamiyatiga yana bir bor isbot etdi.
Mirzayusuf RUSTAMBAYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi
Harbiy - texnik instituti boshligʻi