O‘zbekiston mahobatli obidalari va zamonaviy ko‘rku tarovati bilan har qanday sayyohni hayratga soladi
Samarqand shahrida BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya kengashining 99-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. O‘zA muxbirlari anjuman ishtirokchilarining ayrimlari bilan suhbatlashdi.
Samarqand shahrida BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya kengashining 99-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zA muxbirlari anjuman ishtirokchilarining ayrimlari bilan suhbatlashdi.
Kim Ki Xong, Koreya Respublikasi Madaniyat, sport va turizm vazirligining sayyohlik byurosi bosh direktori:
– O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati tobora yuksalib, imkoniyatlari kengayib bormoqda. Sessiyaning ochilishida Prezident Islom Karimov ishtirok etgani va nutq so‘zlagani anjuman nufuzini oshirdi. O‘zbekiston o‘z jozibasi va go‘zalligi bilan jahon sayyohlarini hayratlantirib kelayotgan mamlakatlardan biridir.
Prezident Islom Karimov ma’ruzasini katta qiziqish bilan tingladim. Davlatingiz rahbarining O‘zbekiston xalqi farovonligi yo‘lida ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligi tahsinga loyiq. Buyuk ipak yo‘li markazida joylashgan O‘zbekistonga, xususan, Samarqandga kelayotgan sayyohlar soni muntazam ko‘payib borishiga ishonaman.
Samarqandga tashrifimiz davomida “Afrosiyob” muzeyida bo‘ldik. U yerdagi devoriy suratlardan birida Afrosiyob hukmdorining turli mamlakatlar elchilarini qabul qilish marosimi aks etgan ekan. Ular orasida Choson (Koreya) elchisining ham borligi xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar ildizi qadimiyligidan dalolat beradi. Bugungi kunda ham mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar yuksak darajada rivojlanib borayotgani bizni juda quvontiradi.
Sherri Sibanda, Zimbabve Sayyohlik va mehmondo‘stlik sanoati vazirligining xalqaro turizm departamenti direktori:
– Prezident Islom Karimov o‘z ma’ruzasida nafaqat O‘zbekistonning, balki jahon sayyohlik sanoatiga oid juda muhim va foydali ma’lumotlarni keltirib o‘tdi. Ma’ruzani tinglar ekanman, O‘zbekiston sayyohlik sohasi rivoji doimiy e’tiborda ekaniga ishonchim komil bo‘ldi.
Daniela Garza Rios Eychenne, Meksika sayyohlik vazirligining departament direktori:
– Prezident Islom Karimov ma’ruzasida ta’kidlaganidek, turizm rivojlangan mamlakatda bag‘rikenglik ham mujassam bo‘ladi. Sayyohlik qalbimizga bag‘rikenglik va ezgulik tuyg‘ularini singdiradi. Mamlakatingizda barcha sohalar qatori sayyohlikni ham taraqqiy ettirishga qaratilayotgan ulkan e’tiborga havasimiz keldi.
O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘rni mustahkamlanib, nufuzi tobora oshib borayotganini alohida ta’kidlashni istardim. Mamlakatingiz ulkan sayyohlik salohiyatiga ega. Shu bois dunyoning ko‘plab odamlari bu yerga sayohat qilishga intilmoqda. O‘zbekistonning boy tarixi, madaniyati, san’ati, ma’naviy merosi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldim. O‘zbek zaminida yetishib chiqqan olimu fuzalolarning jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini dunyo ahli e’tirof etadi. Ayniqsa, Amir Temur va temuriylar davrida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari barcha zamonlar uchun ibratlidir. Yurtingizdagi mahobatli inshootlar xalqingiz aql-zakovatining mahsuli sifatida dunyoni hayratga solib kelmoqda. Ana shunday buyuk meros vorislarining o‘z ajdodlariga ko‘rsatayotgan ehtiromi har qancha tahsinga sazovor.
Bugungi kunda sayyohlik zamonaviy iqtisodiyotning eng muhim tarmoqlaridan biridir. Mamlakatingizda o‘tkazilayotgan xalqaro sayyohlik ko‘rgazma va yarmarkalarida faol ishtirok etib, bu sohadagi hamkorlikni rivojlantirmoqchimiz.
Hamad Abdulaziz Alshayx, Saudiya Arabistoni sayyohlik va qadimiylik komissiyasi vitse-prezidenti:
– O‘zbekistonga kelib mamlakatingiz haqidagi tasavvurimiz yanada boyidi. Bu diyorda har sohada yuksak taraqqiyotga guvoh bo‘lyapmiz. Mamlakatingizdagi, xususan, Samarqanddagi mahobatli qadimiy obidalar bilan zamonaviylikning ajoyib tarzda uyg‘unlashib ketgani xotiramda bir umr muhrlanib qoladi. Bu qadimiy shaharlarda hayot qaynayotgani, o‘tmish va zamonaviy sivilizatsiya yonma-yon yashayotganidan hayratim cheksiz.
O‘zbekiston zamini asrlar davomida Buyuk ipak yo‘li orqali Sharq va G‘arbni bir-biri bilan bog‘laydigan robita bo‘lib xizmat qilgan. Turli sivilizatsiya va madaniyatlar o‘zaro tutashgan muhim chorraha, umuminsoniy taraqqiyotga beqiyos hissa qo‘shgan o‘lka sifatida tanilgan. O‘zbekiston xalqi – buyuk zotlar avlodi, betakror meros sohibi. Bu yerda yetishib chiqqan olimlar algebra, astronomiya, tibbiyot, geografiya, me’morchilik, geodeziya, geologiya, filologiya kabi ko‘plab fanlarga asos solgan. Bugun ana shunday poydevorga tayanib, O‘zbekiston erkin, mustaqil va farovon kelajagini qurish, jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallash yo‘lidan dadil odimlamoqda.
Xeyke Bremer, Germaniya Bundestagi a’zosi:
– O‘zbekistonga kelganimdan qalbim quvonchga to‘ldi, ruhim ko‘tarildi. Buxoro, Samarqand, Xiva shaharlarida, Farg‘ona vodiysi, xususan, Andijon shahrida bo‘ldim. U yerdagi betakror tarixiy obidalar, milliy libos va hunarmandlik buyumlari har qanday kishini hayratga soladi. Xivadagi Ichan qal’ani ko‘rib, mahobatli minoralar orasida o‘zimni go‘yo mo‘jizalar olamiga tushib qolganday his etdim. Bir-biriga tutashib ketgan go‘zal obidalar kishi xayolini uzoq o‘tmishga yetaklaydi.
Buxoroga safarim g‘oyat unutilmas bo‘ldi. Bu qadimiy shahardagi obidalar shu qadar mustahkam qurilganiga hayratlandim. Barcha shaharlaringizdagi o‘ziga xos me’moriy obidalar O‘zbekistonda milliy me’morchilik azaldan yuksak darajada taraqqiy etganidan dalolat beradi.
O‘zbekiston xotin-qizlarining bilim va salohiyati juda yuqori. Mamlakatingizda ularning har sohadagi faoliyatini rivojlantirish, ilg‘or g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar e’tiborga molik. Davlatingiz tomonidan ayollarni e’zozlash, uning oila va jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, salohiyatini yuzaga chiqarishga qaratilayotgan e’tiborga havasim keldi.
Serjio Chambal, Mozambik sayyohlik vaziri yordamchisi:
– Registon majmuasi, Amir Temur maqbarasi, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi kabi mo‘jizalarni ziyorat qilishga musharraf bo‘lganimdan g‘oyat baxtiyorman.
O‘zbekiston sayyohlik sohasining kelajagi porloq. Mamlakatingizda turizmning ko‘plab yo‘nalishlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotir. Amalga oshirilayotgan betimsol ishlarni hayrat va havas bilan ko‘zdan kechirdim. O‘zbekistonda mavjud sayyohlik salohiyatidan samarali foydalanish borasida ulkan ishlar olib borilayotgani tahsinga loyiq.
Jannatmonand bu zaminda yetishtirilgan shirin-shakar noz-ne’matlardan bahramand bo‘ldim. Ularning ta’mini hech qachon unutmayman.
Zelimir Kramarich, Xorvatiya sayyohlik vaziri yordamchisi:
– O‘zbekistonning tarixi juda boy va betakrordir. Mamlakatingiz turli sivilizatsiya va madaniyatlar o‘zaro tutashgan muhim chorraha, umuminsoniy taraqqiyotga beqiyos hissa qo‘shgan o‘lka sifatida butun dunyoga tanilgan. Yurtingiz tarixini atroflicha o‘rganish mobaynida aniqlangan Buyuk ipak yo‘liga oid noyob ma’lumotlar tarix, arxeologiya kabi fanlarning yanada boyishi va kengayishida alohida ahamiyat kasb etadi. Bu O‘zbekistonning jahon ilm-fani, madaniyati rivojida muhim o‘rin tutganidan dalolat.
O‘zbekiston tabiatining go‘zalligiga, turizmning ko‘plab yo‘nalishlari izchil rivojlanayotganiga ishonch hosil qildim. Buni mamlakatingizdagi zamonaviy mehmonxonalar va dam olish maskanlari faoliyati, shaharlararo havo va temir yo‘l transporti aloqasining yaxshi yo‘lga qo‘yilgani misolida ham ko‘rish mumkin. O‘zbekistonda chet ellik sayyohlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Yurtingiz BMT Jahon sayyohlik tashkilotida o‘ziga xos muhim o‘ringa ega mamlakatdir. Bularning barchasi O‘zbekistonning jahon sayyohlik bozoridagi nufuzi tobora yuksalib borayotganidan dalolat beradi.
Melani Titus, Janubiy Afrika Respublikasi Sayyohlik vazirligi vakili:
– O‘zbekiston azaldan jahonda ilm-fan va madaniyat markazlaridan biri bo‘lgan. Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, Registon ansambli va boshqa ko‘plab tarixiy va me’moriy obidalarni ko‘zdan kechirar ekanman, o‘zbek xalqining yuksak salohiyati, madaniy rivojiga qoyil qoldim. Mamlakatingizda ajdodlaringizning boy merosini o‘rganish, targ‘ib qilish, madaniy yodgorliklarni ta’mirlash va asrab-avaylash, ta’lim, fan va madaniyat sohalarini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani tahsinga sazovor.
O‘zbekistondagi ko‘plab madaniy obyektlar va qadimiy shaharlar YuNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgani bejiz emas. Ular o‘z tarovati bilan har qanday sayyohni hayratga solishi shubhasiz. Yer yuzida ana shunday bebaho obidalar, yuksak me’morlik namunalari borligi bizni g‘oyat quvontirdi.
Tinchlik va osoyishtalik barcha sohalar qatori sayyohlik sanoatining ham rivojida muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, tinchlik bo‘lmagan yurtda taraqqiyot bo‘lmaydi. O‘zbekistonda tinchlik va barqarorlik hukm surayotgani, musaffo osmoningiz, xalqingiz farovon va saodatli hayotdan bahramand bo‘layotgani havas qilgulikdir. Ko‘chalar ozoda, bozorlar to‘kin-sochin. Bundan biz olam-olam zavq olyapmiz.