O‘zbek xokkeyi: kecha, bugun, ertaga
O‘zbekistonning xalqaro sportdagi pozitsiyasini mustahkamlash uchun katta imkoniyat.
Yaqinda Kontinental xokkey ligasi vitse-prezidenti Vitaliy Proxorov O‘zbekiston xokkey klubi ushbu xokkey ligasida ishtirok etishini e’lon qildi va 2022 yildagi Olimpiya o‘yinlaridan so‘ng o‘zbek klubi Kontinental ligaga qabul qilinishi mumkinligini bildirdi. Albatta, bu O‘zbekistonning xalqaro sportdagi pozitsiyasini mustahkamlash uchun katta imkoniyat.
Ammo shu kungacha xokkey haminqadar hisoblangan mamlakat bunday raqobatga dosh bera olarmikan, degan savol ko‘pchilikni o‘ylantiradi. Xokkey turnirlari o‘tkazilishi-yu, xalqaro ligalarda ishtirok etish u yoqda tursin, shu kungacha O‘zbekistonda, hatto, xokkey uchun mo‘ljallangan sport arenasining o‘zi ham yo‘q edi. Quruq va issiq sharoit ta’sirida O‘zbekistonda eng ommalashgan sport turi bu futbol bo‘lib, afsuski, bu borada ham kutilgan natijalarga erishildi, deb ayta olmaymiz. Bordi-yu, xokkeyda ham ahvol shu bo‘lsachi? Yaxshisi, sharmanda bo‘lishdan avval chekina qolaylik degan fikr ayrimlarning xayoliga kelgan bo‘lishi mumkin.
Xokkey O‘zbekistonda anchayin rivojlangan bo‘lib, bu borada katta yutuqlarga erishilgan, hatto, 1972 yilda o‘zbek klubi dunyodagi eng janubiy xokkey klubi sifatida Ginnes rekordlar kitobiga kiritilgan edi.
Moskvalik tarixchi Fyodor Razzakovning aytishicha, o‘sha davrda Osiyo mintaqasidagi ikki respublika – Qozog‘iston va O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotning hech bir sohasida bir-biriga bo‘sh kelmaslikka intilgan. Qozog‘istonda 1956 yildan boshlab shaybali xokkey rivojlana boshladi va 1957 yilda birinchi Kozog‘iston Xokkey chempionati o‘tkazildi. 1969 yilda birinchi muz saroyi qad rostlaydi. O‘sha yillarda Qozog‘iston xokkey jamoasi — «Torpedo»ning a’zosi bo‘lgan Yevgeniy Paladev nomi butun dunyoga mashhur bo‘ldi. Ko‘p yillar davomida xokkey O‘zbekistonda «yashab ketolmasligi» va bu sport turini yurtimizda rivojlantirishga urinish ham kerakmasligi to‘g‘risidagi turli fikrlar aytib kelinardi.

Ammo o‘tgan asrning oltmishinchi yillarida Sharof Rashidov bu borada tavakkal qilishga jazm etdi. Bu boradagi yutuq uni rahbar sifatida imkonsiz narsani amalga oshira olishini yana bir bor barchaga isbotlashi edi. Natijada 1969 yilda Toshkentda birinchi muz saroyi — «Yubileynыy»ning qurilish ishlari boshlandi.
Oradan bir yil o‘tishi bilanoq birinchi O‘zbekiston Respublikasi kubogi uchun katta xokkey turniri o‘tkaziladi. Turnirda g‘oliblikni SSSRning «Spartak» jamoasi qo‘lga kiritadi. Bu turnir Rashidovning O‘zbekistonga xokkeyni olib kirishga erishishining ilk qadami edi. Sport saroyi ham qurildi, xokkey ham O‘zbekistonda o‘z muxlislariga ega bo‘la boshladi. Endi o‘z xokkey jamoamizni tuzish fursati yetgandi. Shu yilning o‘zidayoq Toshkentda «Spartak» jamoasi tuziladi. O‘sha paytda Aleksandr Sakeev, Rinat Boymuxametov, Yuriy Mitrofanov kabi o‘yinchilar o‘zbek xokkeyi dovrug‘ini butun Ittifoq bo‘ylab tanitishganini qayd etish lozim. Avvalgi «Spartak» 1973 yilda qayta nomlangan «Binokor» klubi murabbiylaridan biri bo‘lgan Viktor Stolyarovning o‘sha yillarda bergan intervyusida u O‘zbekiston xokkeyi to‘g‘risida boy xokkey an’analariga ega bo‘lmagan shaharlarda, albatta, Chelyabinsk yoki Sverdlovskdagidek natijalarga erishish qiyinligini, masalan, «Binokor» jamoasida yosh o‘yinchilarga nimanidir o‘rgata oladigan haqiqiy lider o‘yinchining yo‘qligi sabab yaxshi xokkeychini tarbiyalash mushkulligini aytadi. Shuningdek, Stolyarovning aytishicha, o‘sha paytda bolalar xokkey maktablari ham faoliyat yuritgan, ammo ular son jihatdan ancha kam bo‘lgan. Toshkentda xokkey rivojining asosiy muammosi esa muz yetishmovchiligi, ya’ni tabiiy muzli saroylarning mavjud emasligi bo‘lib, Sport saroyida ba’zida, hatto, jamoa o‘yinchilariga ham muz yetishmagan. Demak, iqlim xokkey borasidagi yutuqlarga katta to‘siq bo‘lganligi ko‘rinib turibdi. Sport saroyi esa katta bo‘lishiga qaramasdan xokkey uchun yetmasdi.
Sharof Rashidov, albatta, boshlagan ishini davom ettirishga, xokkey uchun shart-sharoit yaratishga harakat qildi. Ammo uning o‘limidan so‘ng «Xokkey o‘zbeklar uchun emas!» deb ta’kidlaganlarning burni osmonga yetgandi. Ittifoq parchalanganidan so‘ng o‘zbek xokkeyi sarobga aylandi. Mustaqillikka erishgan mamlakatning oldida xokkeydan muhimroq vazifalar turardi.
Lekin keyinchalik O‘zbekistonda xokkey hali unutilmagani ayon bo‘ldi. 2013 yilda o‘zbek xokkeyi faxriylari va muxlislar tashabbusi bilan «Binokor» jamoasi qayta tiklandi hamda O‘zbekistonda ushbu sport turi bo‘yicha federatsiyaga asos solindi. Xokkeyning yangidan vujudga kelishi uchun buning o‘zi kamlik qilar, bu maqsadga yetishish uchun nafaqat xokkey ixlosmandlari, balki keng jamoatchilik vakillari ham ter to‘kishi lozim edi. Biroq, o‘sha yillari xokkey qog‘ozda qo‘llab-quvvatlansa-da, bu katta samara bermadi. O‘zbek xokkeyining yangi bosqichi O‘zbekiston siyosatining yangi bosqichidagina ilk kurtaklarini yoza boshladi.

2019 yilning fevral-aprel oylarida bo‘lib o‘tgan xokkey bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘zbek xokkeyining yangi davrini boshlab berdi. Chempionatda 4ta poytaxt xokkey klublari – «Binokor», «Humo», «Semurg‘», «Toshkent» jamoalari ishtirok etdi. Keyingi ulkan marra Toshkentdagi «Humo» arenasining rasmiy ochilish marosimi bo‘ldi. Albatta, o‘zbek xokkeyi uchun «O‘zbek» kadrlarni yetishtirish asosiy masala. Bu masalada O‘zbekiston xokkey federatsiyasi faol natija berishi lozim. Bu borada federatsiya vitse-prezidenti Bahodir G‘afurov shunday deydi:
— Federatsiya bugungi kunda xokkeyning viloyatlarda rivojlanishi uchun faol ishlamoqda. Samarqandda muz arenasi qurilmoqda. Yaqinda bir qancha viloyatlarda muz maydonlari qurilishi rejalashtirilgan. Xokkeyni ommalashtirish uchun biz chekka hududlarga yetib borishimiz lozim. Aynan shunday hududlardan iqtidorli bolalar chiqishi kerak. Biz ko‘zlangan natijaga erishish mumkinligiga ishonamiz, faqat buning uchun vaqt talab etiladi. Bu 2-3 yillik ish emas. Bu borada miqdordan sifatga qarab harakatlanish lozim. Bugun biz respublika bo‘ylab ko‘plab bolalarni xokkey seksiyalariga qabul qilish uchun sharoit yaratishimiz darkor.
Nima bo‘lganda ham xokkey O‘zbekistonga begona sport turi emas. Ayni paytda bu sportning o‘sha paytdagi nufuzini tiklash kerak.
O‘zbekistonga xokkey, eng, avvalo, boshqa har qaysi sport turi singari aholi salomatligini ta’minlash uchun kerak. Bundan tashqari, ushbu sport turi orqali xalqaro miqyosda turli aloqalar o‘rnatish, mamlakat iqtisodiyotini moliyaviy jihatdan boyitish mumkin. «Humo» arenasi qad rostlashi tufayli O‘zbekiston xokkey bo‘yicha xalqaro musobaqalarni o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bunday turnirlarga mezbonlik qilish yurtimizning bir qator davlatlar bilan ikki tomonlama manfaatli diplomatik munosabatlarni shakllantirishiga xizmat qiladi.
Husniyabonu ALIMOVA
Manba: “Jamiyat” gazetasi