Nurota tumani ta’lim tizimida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda
Mamlakatimizda ta’lim sohasini rivojlantirish, yosh avlod uchun zamonaviy va munosib sharoitlar yaratish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani yangi o‘quv yiliga bo‘lgan mas’uliyatni yanada oshirmoqda.
Prezidentimiz tomonidan maktab o‘quvchilari va ustoz-murabbiylarga yo‘llangan tabrikda ham yosh avlodga sifatli ta’lim-tarbiya berish, ularning bilim olishi, iqtidori va qobiliyatini namoyon etishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani alohida ta’kidlangan. Bu yuksak e’tibor va ishonch mamlakatimizning barcha hududlarida, jumladan, Nurota tumanida ham amaliy ishlar bilan uyg‘unlashmoqda.
– 2026/2027 o‘quv yilini munosib boshlash maqsadida tumandagi ta’lim muassasalarida keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi, – deydi taman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Kamola Shamiyeva. – Bu jarayonda mavjud maktablarni ta’mirlash va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bilan bir qatorda, yangi, zamonaviy ta’lim maskanlarini barpo etishga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, “Nurobod” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida qiymati 11 milliard so‘m bo‘lgan, 330 o‘ringa mo‘ljallangan 1-sonli umumta’lim maktabi barpo etilib, yangi o‘quv yili arafasida o‘z eshiklarini o‘quvchilar uchun ochdi. Zamonaviy ta’lim muassasasining foydalanishga topshirilishi mahalladagi bolalar uchun yanada qulay sharoit yaratish bilan birga, ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladigan muhim qadam bo‘ldi.

Ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarda o‘quvchilarning nafaqat bilim olishi, balki jismonan sog‘lom va har tomonlama barkamol bo‘lib voyaga yetishiga ham alohida ahamiyat berilmoqda. Shu maqsadda Kichiksoy qishlog‘idagi 30-sonli umumta’lim maktabida qiymati 1,3 milliard so‘m bo‘lgan zamonaviy 12x24 metrli sport zali qurilib, foydalanishga topshirildi. Mazkur inshoot o‘quvchilarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi va sog‘lom turmush tarziga amal qilishi uchun keng imkoniyat yaratadi.
Tumandagi ta’lim muassasalarini kapital ta’mirlash ishlari ham izchil davom ettirildi. Jumladan, 20-sonli umumta’lim maktabida 8 milliard so‘mlik, 42-sonli umumta’lim maktabida esa 5 milliard so‘mlik kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. “Chuya” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 15-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida ham 117,3 million so‘mlik kapital ta’mirlash ishlari bajarildi.

Islohotlar maktab ta’limi bilan cheklanmay, maktabgacha ta’lim tizimini ham qamrab olmoqda. Hozir Sentob, Jarma va Nurobod mahallalarida jami 390 o‘rinli 3 ta yangi davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilmoqda. Yangi bog‘chalarning barpo etilishi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish ko‘lamini kengaytirish, ularning ilk bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish uchun zarur sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi.


Zero, ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan har bir yangilanish inson manfaati, yosh avlod kelajagi uchun amalga oshirilayotganligi bilan ahamiyatlidir.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri