Nuroniy otaxonlarga davlat mukofotlari topshirildi
101 yoshni qarshilagan Turg‘un ota Malikov O‘zbekiston tumani Dasht-cho‘lpon mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiladi. Mustaqilligimizning 32 yillik bayrami arafasida otaxon Prezidentimiz farmoniga muvofiq “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov hamda faollar ushbu xonadonda bo‘lib, otaxonga davlat mukofotini yaqinlari davrasida topshirdilar.

Samimiy suhbat chog‘ida otaxon bosib o‘tgan hayot yo‘li, boshdan o‘tkazgan qiyinchiliklari va bugungi tinch-osoyishta kunlar qadri haqida so‘zladi.
Katta Farg‘ona kanali qurilishida faol ishtirok etgan, qishloq xo‘jaligi va savdo sohasida uzoq yillar mehnat qilgan Turg‘un ota 7 o‘g‘il, bir qizni voyaga yetkazdi. Hozirda esa 120 nafardan ziyod nabira va evaralari qurshovida baxtli umrguzaronlik qilayotgan otaxon yana bir bor yurtga tinchlik, elga xotirjamlik tilab duoga qo‘l ochdi.

Viloyat hokimi Qo‘qon shahrida istiqomat qiluvchi viloyat nuroniylar jamoatchilik kengashi faoli No‘’monjon ota Mo‘minov xonadonida ham bo‘ldi. Xalq xo‘jaligining turli sohalarida mehnat qilgan, rahbarlik lavozimlarida faoliyat olib borgan, besh nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazgan va bugun keksalik gashtini surayotgan ota ham bayram arafasida “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan edi. Yuksak mukofot va e’tirof o‘z egasiga yetkazildi.
Mukofotlanganlar davlatimiz rahbariga ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirdilar.

M.Sulaymonov, O‘zA