Nukuslik talaba olimpiadaga yo‘llanma oldi
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti jismoniy madaniyat fakulteti 1-bosqich talabasi Sherzod Mamutov Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Toshkentda start olgan qilichbozlik bo‘yicha Tokio-2020 litsenzion musobaqasining guruh bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan sportchi chorak finalda Singapur, yarim finalda Qozog‘iston vakilini mag‘lubiyatga uchratishga muvaffaq bo‘ldi. Final bellashuvida gongkonglik Xo Tin Lovni 15:7 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini naqd qildi.
Eslatib o‘tamiz, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti yurisprudensiya fakulteti 1-bosqich talabasi Adilbek Yusupbayev ham yaqinda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston ochiq chempionatida 100 metrga batterflyay usulida suzish bahsida Olimpiada normativini bajargan edi.
Dovud Abibullayev, O‘zA