Nukusda “Yangi kun” xizmati yo‘lga qo‘yildi
Nukus shahridagi “Qurilishchi” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “Sog‘lom hayot” mas’uliyati cheklangan jamiyati asoschisi, tadbirkor Gulmira Qallibekova tomonidan “Yangi kun” kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati yo‘lga qo‘yildi.
Bugungi kunda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash va ularga teng sharoitlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. So‘nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan qator farmon va qarorlarga ko‘ra, ularning huquqlarini ta’minlash, jamiyatga integratsiyalashuviga ko‘maklashish, proaktiv tarzda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish hamda qulay muhit yaratish mexanizmlari joriy etilmoqda.

Ana shunday sa’y-harakatlar va ijobiy islohotlar natijasida, davlatimiz rahbarining 2026-yil 27-aprel kungi “Ruhiy holati buzilgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-may kungi “Ruhiy holati buzilgan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun internat muassasalarini takomillashtirish va yangi ijtimoiy xizmatlarni tashkil etishga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asosida bolalarning rivojlanishida kuzatiladigan nuqsonlarni erta aniqlash va o‘z vaqtida kompleks ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish, ularda nogironlikning oldini olish hamda nogironligi bo‘lgan bolalarning muvaffaqiyatli ijtimoiylashuvini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Mo‘’tadil, og‘ir va chuqur darajadagi aqliy zaiflik yoki demensiya tashxisi qo‘yilgan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun oilaviy muhitga yaqin shakldagi “Yangi kun” kunduzgi qatnov asosida uy sharoitida qarab turish, kichik hajmli “Madad” uylari, “Ijtimoiy ta’til” qisqa muddatli joylashtirish xizmatlari davlat-xususiy sheriklik bitimi asosida nodavlat tashkilotlar tomonidan ko‘rsatilishi belgilangan. Bundan ko‘zlangan maqsad, nogironligi bo‘lgan shaxslarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish va qarab turish, ularning erkin hayotga moslashishi va jamiyatga integratsiyalashuviga ko‘maklashish, o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish, uy xo‘jaligini yuritish, atrofdagilar bilan muloqot qilishga o‘rgatish hamda mehnat ko‘nikmalarini rivojlantirish, individual imkoniyat va ehtiyojlariga mos mehnat faoliyatiga jalb etishdan iborat.
Hozirda Nukus shahrida tashkil etilgan ushbu xizmatga 5 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs qamrab olinib, yil yakuniga qadar yana 15 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs jalb qilinadi. Kelajakda har bir tumanda “Yangi kun” kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmatini yo‘lga qo‘yish orqali jami 200 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs qamrab olinadi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri