Nukusda futbol va boshqa sport turlari uchun zamonaviy infratuzilma yaratildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida Nukus shahridagi rekonstruksiya qilingan “Turon” stadioni bilan tanishdi.
Majmuaning yangilanishi hududda ommaviy va professional futbolni rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni saralash va sportchilarning tayyorgarligini oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratdi. Bu ishlar davlatimiz rahbarining 2023-yil 7-apreldagi “Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarga muvofiq amalga oshirildi.


Loyihaning umumiy qiymati 118,6 milliard so‘mni tashkil etadi. Majmuada 85 nafar kishining doimiy bandligi ta’minlandi. Rekonstruksiya natijasida stadion sig‘imi 9,3 mingdan 12 ming o‘ringa yetkazildi.
“Turon” stadioni “Aral” professional futbol klubining bazasi hisoblanadi. Bu yerda Respublika futbol akademiyasining 190 nafar tarbiyalanuvchisi muntazam mashg‘ulotlar va o‘quv yig‘inlarini o‘tkazmoqda. Majmuada ikkita sport zali va ikkita qo‘shimcha stadion ham mavjud.


Akademiya tarbiyalanuvchilari uchun 196 o‘rinli yotoqxona, 84 o‘rinli oshxona, trenajyor zallari va taktik tahlil xonalari tashkil etilgan. Shuningdek, yengil atletika, boks va taekvondo bo‘yicha bir vaqtning o‘zida 100-150 nafar sportchining shug‘ullanishi uchun sharoit yaratilgan.
Stadionda ommaviy axborot vositalari uchun maxsus platformalar, ofsayd kameralarini o‘rnatish nuqtalari hamda markazlashgan VAR tizimi uchun alohida zona tashkil etildi. Mazkur infratuzilma musobaqalarni yuqori saviyada o‘tkazish va yoritishga xizmat qiladi.


Davlatimiz rahbari majmuadagi sharoitlar bilan tanishib, Qoraqalpog‘istonda sportni, xususan, futbolni rivojlantirish bo‘yicha tavsiya va ko‘rsatmalar berdi.
Prezidentimiz shu yerda mashg‘ulot o‘tayotgan yosh sportchilar bilan samimiy suhbatlashdi va ular bilan esdalik uchun suratga tushdi.