Nukus tumanida “Adolat sayli” tashkil etildi
“Adolat sayli” huquqiy targ‘ibot va ma’rifiy tadbirlari doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumanida fuqarolar uchun sayyor qabul o‘tkazildi.
Aholining huquqiy savodxonligini oshirish, murojaatlarni bevosita joylarda o‘rganish hamda yoshlarni ijtimoiy-huquqiy jarayonlarga faol jalb etish maqsadida tashkil etilgan loyihada Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Baxshillo Xo‘jayev, universitet jamoasi hamda talabalar ishtirok etdi.

Sayyor qabul jarayonida fuqarolarning yer, kadastr, soliq, kredit, kommunal xizmatlar va boshqa yo‘nalishlardagi murojaatlari tinglandi. Tadbir davomida 20 dan ortiq murojaat qabul qilinib, ularning 12 tasi joyida huquqiy tushuntirish berish orqali hal etildi. 8 ta murojaat esa tegishli tartibda nazoratga olindi.
Shuningdek, Toshkent davlat yuridik universiteti talabalari tomonidan aholiga huquqiy maslahatlar berildi. Fuqarolar tegishli tashkilot va xizmatlarga yo‘naltirildi. Tadbir ishtirokchilariga sayyor davlat xizmatlaridan foydalanish, advokat, huquqshunos, notarius va mediator xizmatlari haqida ma’lumot berildi.

“Adolat sayli” doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning maxsus texnikalari va xizmat vositalari namoyishi, sport tadbirlari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shu bilan birga, talabalar tomonidan “Tengdoshimga huquqiy yordam”, “Mening mahallamda jinoyat bo‘lmaydi” hamda “Mamlakatimiz kelajagi – qonunga itoatkor va huquqbuzarlikka toqatsiz yoshlar bilan” g‘oyalari asosida targ‘ibot tadbirlari ham o‘tkazildi.
Ushbu tashabbuslar yoshlar orasida huquqbuzarlikning oldini olish, qonunga hurmat va mas’uliyat hissini kuchaytirishga xizmat qildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.