Nukus ikkinchi Toshkentga aylanadi
Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev boshchiligidagi delegatsiya shahar iqtisodiyotini ko‘tarish, aholining farovonligini oshirish borasida o‘z tajribalarini bo‘lishish maqsadida Nukus shahriga tashrif buyurdi.
Delegatsiya a’zolarining birinchi manzili O‘zbekiston shoh ko‘chasi bo‘ldi va bu yerda olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Hozirgi vaqtda ko‘chadagi uy-joylarning mo‘rilari tartibga keltirilib, sirti zamonaviy materiallar bilan qoplanmoqda. Shuningdek, fasad qismlari bo‘yalib, madaniy dam olish maskanlari, velosipedda harakatlanish uchun yo‘llar qurish joylari tayyorlanib, piyodalar yo‘liga bruschatkalar to‘shalmoqda. Kelajakda ushbu shoh ko‘cha bo‘yi odamlarning hordiq chiqaradigan, dam oladigan maskaniga aylanadi.

Delegatsiya «Do‘stlik» kanali bo‘yida ham bo‘lib, aholiga qulay dam olish va savdo o‘rinlarini qurish, ushbu hududni yanada ko‘rkam va fayzli qilish yuzasidan takliflarini bildirdi. Nukus shahrining rekonstruksiya loyihasida «Do‘stlik» kanalida musiqa bilan harakatlanadigan, 35 metrgacha balandlikka otiladigan favvora qurish loyihalashtirilgan. Kanal bo‘yiga karusel ham quriladi. Kanal bo‘yi chinakamiga dam olish markaziga aylanadi.

Shahardagi 34 gektar maydonga ega «Istiqlol» bolalar istirohat bog‘ida ham qo‘shimcha obodonlashtirish ishlari olib borilishi rejalashtirilgan. Delegatsiya a’zolari Nukusdagi «Samsung» va beton ishlab chiqarish korxonalarida ham bo‘ldi.

Nukus shahri hokimligi majlislar zalida o‘tkazilgan yig‘ilishda J.Ortiqxo‘jayev Nukus shahrini ikkinchi Toshkentga aylantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar haqida ma’lumot berdi.

– Nukusga tadbirkorlarni olib keldik. Zamonaviy uylar quradi ular. 21 million dollarlik investitsiya kiritilmoqda. Barchasi odamlarning yaxshi hayot kechirishi uchun», deydi Toshkent shahri hokimi.

Ye.Qanoatov, O‘zA