Noyob tabiiy merosimizga oid 12 ta surat xalqaro fototanlovda qatnashadi
Shu yilning 1-iyunidan 1-iyuliga qadar mamlakatimizning tabiiy merosiga bag‘ishlangan “Wiki Loves Earth – 2026” (Viki Yerni sevadi) eng yirik xalqaro fototanlovi o‘tkazildi.
Mazkur fototanlovning milliy bosqichi yakunlanib, hakamlar hay’ati tomonidan 12 ta eng yaxshi surat saralab olindi. Endi ushbu saralangan suratlar xalqaro bosqichda mamlakatimizning noyob tabiiy merosini dunyoga namoyish etadi.
Bu yil tanlov ishtirokchilari yurtimizning turli hududlariga borib, tog‘lar, ko‘llar va daryolar, o‘rmonlar, noyob hayvonot dunyosi hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tasvirga oldi. Jami 1 ming 172 ta fotosurat yuklandi. Bu ko‘rsatkich bilan O‘zbekiston “Wiki Loves Earth – 2026”da ishtirok etgan mamlakatlar orasida 20 o‘rinni egalladi.

Saralangan ishlarda Toshkent botanika bog‘i, Zomin milliy tabiat bog‘i, Ugam-Chotqol hududi, Urungach tabiiy yodgorligi hamda Qoraqalpog‘istondagi Sudoche tabiiy qo‘riqxonasi kabi tabiat maskanlari aks etgan.
“Wiki Loves Earth”ning muhim jihati – mamlakatning tabiiy merosi haqida erkin va ochiq vizual arxiv yaratishdir. Tanlov davomida olingan suratlar “Wikimedia Commons” platformasiga joylashtirilib, kelgusida ensiklopedik, ta’limiy va ma’rifiy loyihalarda foydalanilishi mumkin. Bu esa yurtimizdagi noyob va betakror tabiiy merosni keng targ‘ib etish, dunyo sayyohlarini chorlashga xizmat qiladi.
M.Komilova, O‘zA