Notarial sohada xalqaro hamkorlik kengaymoqda
O‘zbekiston Notarial palatasi notariuslarning sifatli xizmat ko‘rsatishini ta’minlash maqsadida ularga uslubiy yordam ko‘rsatish, foydalanish uchun qulay bo‘lgan audiokitoblar tayyorlash ustida ish olib bormoqda.
Shu bilan birga, ilg‘or xorij tajribalarini o‘rganib, aholiga qulaylik yaratuvchi tartib-taomillarni o‘zimizda joriy etish bilan ham shug‘ullanilmoqda.
Shu maqsadda Butunjahon Notariuslar ittifoqi bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. O‘zbekiston notarial sohasida olib borilgan ishlar bo‘yicha taqdim etilgan ma’lumotlarni xalqaro mutaxassislar ijobiy baholadi. Yaqinda O‘zbekiston mazkur ittifoqqa a’zo bo‘ladi.
Aytib o‘tish kerakki, notarial xizmatlardan nafaqat mamlakat ichidagi aholi, balki xorijda ishlayotgan, o‘qiyotgan vatandoshlarimiz ham foydalanadi. Xorijdagilarga O‘zbekistonning o‘sha yerdagi diplomatik vakolatxonalari vakillari bu xizmatni imkon qadar ko‘rsatib kelmoqda. Palata xodimlari esa ularga bu borada zarur maslahatlar berib bormoqda.
Kelgusida xorijdagi vatandoshlarimiz uchun bepul huquqiy maslahatlar berish yo‘lga qo‘yiladi. Aynan shu yo‘nalishdagi ishlarni jadallashtirish uchun o‘zbekistonlik notariuslar xorijlik hamkasblari bilan ham hamkorlikni mustahkamlamoqda.
O‘zbekiston Notarial palatasi va va Ukraina Notariuslar palatasi o‘rtasida memorandum imzolandi.
Ushbu memorandum orqali palatalar vakolatlari doirasida va o‘z davlatlarining milliy qonunchiligi va xalqaro shartnomalariga muvofiq o‘zaro hamkorlikni amalga oshiradi.
– Biz O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasi faoliyatini tashkil topganidan buyon kuzatib kelyapmiz, – deydi Ukraina Notariuslar palatasi raisi Vladimir Marchenko. – Palatalarimiz o‘rtasida memorandum imzolanishi o‘zaro tajriba almashish bilan birga aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilaydi.
Muattar Burhonova, O‘zA