Normandiyada fransuz milliarderi fojiali halok bo‘ldi
Fransiyalik deputat va milliarder Olive Dasso vertolyot halokatga uchrashi oqibatida olamdan ko‘z yumdi.
Bu qayg‘uli hodisa mamlakat shimolida ro‘y bergan. Ushbu xabarni “Europe 1” radiostansiyasi tarqatgan.
Qayd etilishicha, uchish qurilmasi yakshanba kuni Normandiyaning Tuk kommunasi hududida qulagan. Voqea joyida "Respublikachilar" partiyasi vakilidan tashqari vertolyot boshqaruvchisi ham qurbon bo‘lgan.
Siyosatchining o‘limiga munosabat bildirgan Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ijtimoiy tarmoq orqali hamdardlik izhor qildi.
— Olive Dasso Fransiyani sevardi, — deb yozgan Makron. — Yirik tadbirkor, saylangan deputat, Harbiy havo kuchlari zaxirasi qo‘mondoni: butun umri davomida u davlatimizga xizmat qilib keldi.
Dasso 69 yoshda edi. Uning otasi Serj Dasso ham taniqli biznesmen, siyosatchi va milliarder bo‘lgan.