Noreal qarzdorlik bartaraf etildi
Qashqadaryo viloyati Koson tumani “Xo‘jaquduq” mahallasida yashovchi Z.P. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining ishonch telefoni orqali murojaat qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Koson tuman elektr ta’minoti korxonasi tomonidan murojaatchi xonadonida suv nasosidan foydalanilgani uchun asossiz qarzdorlik hisoblangan. Ammo fuqaro elektr energiyasidan alohida abonent hisobraqami ochgan holda hisoblagich orqali foydalanib kelgan va to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirgan. Tuman elektr ta’minoti idorasi esa suv nasosi ishlatilganini sabab qilib, 31 million 647 ming so‘m noreal qarzdorlik hisoblagan. Bundan tashqari, mazkur qarzdorlikni iste’molchidan majburiy tartibda undirish to‘g‘risida shu yilning 13 mart kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Koson tumanlararo sudining buyrug‘i chiqarilgan.
Murojaatni o‘rganish jarayonida iste’molchi xonadoniga elektr energiyasi bo‘yicha hisoblangan qarzdorlik asossiz ekani, ya’ni hisoblagich ko‘rsatkichlaridan ortiqcha hisoblangani aniqlandi. Natijada, qarzdorlikni majburiy undirish to‘g‘risidagi sud buyrug‘i bekor qilinib, 31 million 647 ming so‘m noqonuniy qarz iste’molchining hisobidan chiqarildi.
M.Qosimova,
O‘zA