Noqonuniy ulanish aniqlandi
Tabiiy gaz — xonadonlar, ijtimoiy soha ob’ektlari va ishlab chiqarish korxonalarining kundalik faoliyati uchun muhim resurs. Shu bois undan oqilona va qonuniy foydalanish nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy mas’uliyat hamdir. Afsuski, ayrim iste’molchilar gazdan foydalanish qoidalarini chetlab o‘tishga urinayotgani nazorat tadbirlari davomida yana bir bor ma’lum bo‘lmoqda.
“Hududgazta’minot” AJ boshqaruv raisi topshirig‘iga asosan respublikaning barcha hududlarida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan tizimli nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Jumladan, “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali komplayens nazorat tuzilmalari hamda hamkor tashkilotlar vakillari ishtirokida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida ayrim qoidabuzarliklar aniqlandi.

Buxoro shahridagi “Turki Jandiy” mahallasi Barakiyon ko‘chasida faoliyat yuritayotgan novvoyxonada o‘tkazilgan xatlov jarayonida tabiiy gaz tarmog‘iga hisoblagichdan oldin plastik quvur orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib olingani fosh etildi. Ya’ni, gaz sarfini hisobga oluvchi qurilmani chetlab o‘tgan holda tabiiy gazdan foydalanilgan. Mazkur holat yuzasidan tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilib, yetkazilgan zarar miqdori qayta hisob-kitob qilindi.
Natijada gaz ta’minoti korxonasiga 783 million 238 ming so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgani aniqlandi.
Shuningdek, Qorako‘l tumanining “Tashabbus” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi fuqaro A.M.ning xonadoni ham o‘rganildi. Bu yerda esa tabiiy gazdan foydalanishning yanada yashirin usuli qo‘llangani ma’lum bo‘ldi.

Xonadonda iste’molchi vizual aniqlash qiyin bo‘lgan usulda rezina shlang orqali tabiiy gaz tarmog‘iga noqonuniy ulangan holda gazdan foydalangani aniqlangan.
O‘tkazilgan qayta hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur qoidabuzarlik natijasida gaz ta’minoti korxonasiga 260 million 172 ming so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan.
Shunday qilib, ikki holat bo‘yicha aniqlangan umumiy zarar miqdori 1 milliard 43 million 410 ming so‘mni tashkil etdi.
Aniqlangan har ikki holat bo‘yicha belgilangan tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, tegishli materiallar huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillariga topshirildi.
Nazorat tadbirlari davom etmoqda. Qonuniylik esa — barqaror va xavfsiz gaz ta’minotining eng muhim kafolatidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri