Noqonuniy kesilgan teraklar
Atrof-muhitni muhofaza qilish, yashil hududlarni asrab-avaylash va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bugungi kunda davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, daraxtlar va yashil maydonlarni saqlab qolish ekologik barqarorlikni ta’minlash, havo musaffoligini yaxshilash hamda aholi uchun sog‘lom muhit yaratishda katta ahamiyat kasb etadi. Shu bois daraxtlarni noqonuniy kesish holatlariga qarshi qat’iy choralar ko‘rilmoqda.
Buxoro viloyati Kogon tumani “Xo‘ja Yakshaba” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida fuqaro T.Sh. tomonidan terak daraxtlari noqonuniy ravishda kesilayotgani yuzasidan tuman Ekologiya bo‘limiga murojaat kelib tushdi.
Murojaat asosida tuman Ekologiya bo‘limi davlat inspektorlari tomonidan zudlik bilan voqea joyiga chiqib, o‘rganish ishlari olib borildi. Tekshiruv jarayonida fuqaro T.Sh. qurilish ishlarini amalga oshirish maqsadida 33 tup terak daraxtini tegishli ruxsatnomalarsiz noqonuniy ravishda kesgani aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan huquqiy choralar ko‘rilib, fuqaro T.Sh.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 79-moddasi 1-qismiga asosan 10 million 300 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi. Shuningdek, tabiatga yetkazilgan zarar uchun 42 million 436 ming so‘m miqdorida tovon puli hisoblandi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, har bir noqonuniy kesilgan daraxt nafaqat tabiatga, balki kelajak avlod manfaatlariga ham zarar yetkazadi. Zero, daraxtlar iqlim muvozanatini saqlash, havoni tozalash va hududlarni ko‘kalamzorlashtirishda muhim o‘rin tutadi.
Shu munosabat bilan fuqarolardan daraxtlarni kesish yoki ko‘chirish bilan bog‘liq har qanday ishlarni faqat qonunchilikda belgilangan tartib asosida amalga oshirish, tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish so‘raladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.