Noqonuniy holatlarga chek qo‘yildi
Tabiat resurslari vazirligi Navoiy viloyati boshqarmasi hamda Kon geologiya faoliyatini nazorat qilish Samarqand-Buxoro mintaqaviy inspeksiyasi mutaxassislari bilan hamkorlikda Xatirchi tumani hududidan oqib o‘tuvchi Zarafshon daryosi muhofaza mintaqasida noqonuniy ov, qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy qazib olinishiga chek qo‘yish hamda boshqa qonunbuzarlik holatlarini aniqlash maqsadida o‘rganish ishlari olib borildi.
Tabiat resurslari vazirligi Navoiy viloyati boshqarmasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, o‘rganish davomida noma’lum shaxslar tomonidan bir nechta sintetik to‘rlar Zarafshon daryosiga qo‘yib ketilganligi aniqlandi va daryodan ushbu sintetik to‘rlar olib tashlandi.

Shuningdek, Samarqand viloyati Narpay tumani hududiga tegishli bo‘lgan Zarafshon daryosining muhofaza hududidan tuman Obodonlashtirish boshqarmasiga tegishli bo‘lgan ekskavator yordamida noqonuniy ravishda tabiatda keng tarqalgan qum-shag‘al aralashmasini NOWO rusumli yuk mashinasiga yuklayotgan vaqtida to‘xtatildi.

Ushbu holat bo‘yicha Kon geologiya faoliyatini nazorat qilish Samarqand-Buxoro mintaqaviy inspeksiyasi tomonidan huquqbuzarlarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA