Nogironligi bo‘lgan yurtdoshlarimiz referendumda faol
Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidagi 529–referendum uchastkasida shu hududda joylashgan 125– ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi maxsus maktab internatning yuzdan ortiq ko‘zi ojiz o‘qituvchi va murabbiylari ham ovoz bermoqda.
Uchastkada ko‘zi ojiz yurtdoshlarimizning xohish-irodasini ifoda etishi uchun barcha sharoit yaratilgan. “Brayl alifbosi”da chop etilgan byulleten bilan ta’minlangan.
–Yangilanayotgan Konstitutsimizda nogironligi bo‘lgan fuqarolar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qator normalar kiritilayotganidan quvonchimiz cheksiz, – deydi 125– maxsus maktab internati ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Ilhom Jovliyev. – Bu o‘zgartish va qo‘shimchalar ham mamlakatimizda inson manfaatalari ta’minlanayotganining amaldagi ifodasidir. Men ko‘zim ojizliliga qaramasdan jonajon Vatanimda baxt topdim, iqbol topdim. Bu referendum xalqimizning faravon hayoti va yangi O‘zbekiston taraqqiyotini belgilaydi. Biz jamiyatimizda yuz berayotgan yangilanishlarga befarq bo‘lmay, mazkur siyosiy tadbirda faol ishtirok etayotganimizdan faxralanamiz.
Tumanda 61 ta referendum uchastkasi faoliyat yuritmoqda. Bugun barcha sharoitlarga ega uchastkalarda 111 mingdan ortiq fuqaro ishtirok etib, ovoz berishi kutilayotir. Ularning 5 ming 89 nafari referendum kunigacha 18 yoshga to‘lgan yigit-qizlardir. Shuningdek, komissiya a’zolari tumanda sog‘ligi tufayli uchastkalarga kelolmaydigan fuqarolarning xonadonlariga borib, referendumga ularning munosabat bildirishi uchun zarur sharoit yaratmoqda.
Tumandagi Oqqo‘rg‘on mahallasida yashaydigan To‘ychibek Nurillayevning ham bugun referendum uchastkasiga borib, o‘z xoxish-irodasini ifoda etishi uchun imkoniyati bo‘lmadi.
–Mahallamizdagi referendum uchastka komissiyasi a’zolari uyimga kelib, ovozimni olib ketishdi,–deydi T.Nurillayev.– Bundan yangilanayotgan Konstitutsiyamiz uchun ovozim muhimligini chuqur anglagan holda baxtiyorlik hissini tuydim.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri