Nogiron fuqarolarning muammolari o‘rganildi
Sayyor qabullar aholi murojaatlari bilan ishlashda, ularni qiynab kelayotgan muammolarni aniqlashda o‘z samarasini beradi. Fuqaro ariza yoki shikoyat bilan murojaat qilmasa, muammo yo‘q, degani emas. Ayniqsa, dardu-tashvishi qiynab turgan bo‘lsa-da, sabr-qanoat bilan qiyinchiliklarni yengib kelayotgan, bu haqda mahalla-ko‘y, mutasaddi idora va tashkilotlarga murojaat qilishni o‘ziga ep ko‘rmaydiganlar ham bor.
Shu bois sayyor qabullar xalq bilan muloqot qilishda muhim omil bo‘lmoqda. Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i S.Sattarovning Boyovut tumani S.Ayniy nomidagi mahallada o‘tkazgan sayyor qabulida aholi, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan fuqarolarning muammolari o‘rganildi. “Nogironlar huquqlarini himoya qilish huquqiy aksiyasi” doirasida tashkil etilgan mazkur tadbir avvalida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartiblari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi.

Shundan so‘ng fuqarolar muammolarini o‘rganishga kirishildi. M. Shoyoqubovning 2 nafar farzandi tug‘ma nogiron. Turmush o‘rtog‘i farzandlar parvarishi bilan band, oila ayni paytda ijtimoiy ko‘makka muhtoj. Hududga adliya mas’ullarining kelishi M.Shoyoqubov uchun ayni muddao bo‘ldi. Fuqaroga nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularga g‘amxo‘rlik qiluvchi fuqarolar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlar haqida to‘liq tushuntirish berildi.
A.Jo‘raboyevning farzandi ham 2-guruh nogironi, hozir 16 yoshda. Tug‘ma nogironligi sabab, u doimiy davolanib turadi, hozir sog‘lig‘ida muammolar bor. Shu bois joriy yil dekabrda keladigan navbatini noyabr oyiga ko‘chirishda amaliy yordam so‘radi. Fuqaroning ushbu murojaati joyida ijobiy yechim topdi.

Sayyor qabulda subsidiya ajratish, shaxsini tasdiqlovchi hujjat olish, ish stajiga oid yo‘qolgan hujjatlarni tiklash, pensiya ta’minoti, moddiy yordam olish kabi masalalarda 20 ga yaqin murojaat kelib tushdi. Shundan 5 ta murojaat joyida o‘z yechimini topdi, 6 tasiga zarur tavsiya va huquqiy tushuntirishlar berildi, 7 ta murojaat belgilangan tartibda kirim qilinib, ularning ko‘rib chiqilishi alohida nazoratga olindi.
Shuningdek, tadbir davomida 15 nafar fuqaroga bolani maktabgacha ta’lim tashkilotiga ro‘yxatga qo‘yish, elektron raqamli imzo olish, sanatoriyga navbatga qo‘yish bo‘yicha sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Qabul nafaqat aholi muammolarini o‘rganish, balki ishtirokchilarni qonunchilikdagi yangiliklardan xabardor qilish imkonini ham berdi.

Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri