“Nodirabegim” bog‘i yangicha qiyofa kasb etmoqda
Bir paytlar Andijon shahrining eng gavjum, xushmanzara va obod maskanlaridan biri bo‘lgan “Nodirabegim” bog‘i keyingi yillarda qarovsiz bo‘lib qolgan edi. Viloyat hokimi tashabbusi bilan joriy yil boshida mazkur bog‘da qurilish, bunyodkorlik ishlari boshlandi.
O‘tgan bir necha oy davomida Universitet ko‘chasida joylashgan “Nodirabegim” madaniyat va istirohat bog‘ida ulkan bunyodkorlik, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi, bog‘ hududi tanib bo‘lmas darajada o‘zgardi. 16,5 gektardan ziyod maydondagi bog‘ hududida aholining ko‘ngilli hordiq chiqarishi uchun zamonaviy ko‘rinishdagi dam olish inshootlari, xususan, cho‘milish havzasi, yugurish maydonchasi, savdo do‘konlari, muzqaymoq va salqin ichimliklar sotiladigan maskanlar, suhbatgohlar, bolalar o‘yin maydonchalari barpo etildi. Xitoy davlatidan turli attraksionlar olib kelib o‘rnatildi.
[gallery-9393]
Bundan tashqari, bog‘ hududidagi ko‘l suvga to‘ldirilmoqda. Bu yerda nafaqat cho‘milish joylari tashkil etiladi, qayiqlar qo‘yilib, aholining ko‘ngilli hordiq chiqarishi uchun zarur sharoitlar yaratiladi. Ayni kunlarda qizg‘in davom etayotgan qurilish, ta’mirlash ishlarining sifatli amalga oshirilishi uchun mutaxassislar, zarur texnika vositalari jalb etilgan.
Yangicha qiyofa kasb etayotgan “Nodirabegim” bog‘ida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari yakunlangach, bu yer Andijonning eng gavjum dam olish maskanlaridan biriga aylanadi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (foto), O‘zA