Nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyat samaradorligi ortmoqda
Mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan. Bu borada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar NNTlarning yurt taraqqiyotidagi o‘rnini yanada mustahkamlab, joylardagi ijtimoiy muammolarni hal etishda ularning faolligini oshirmoqda.
Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslari doirasida tadbir o‘tkazildi.
“O‘zbekiston – 2030” Strategiyasini 2025 yilda amalga oshirish dasturi ijrosini ta’minlashda NNT tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash” mavzuidagi yig‘ilishda davlat organlari, parlament vakillari, Adliya vazirligi va NNT rahbarlari, jamoat fondlari va fuqarolik jamiyati institutlari mas’ullari ishtirok etdi. Ular NNTlarning mamlakat taraqqiyotidagi o‘rni, ijtimoiy muammolarni hal qilishdagi ahamiyati va davlat tomonidan yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida fikr almashdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda 10 mingga yaqin NNT faoliyat yuritmoqda. Ular fuqarolik jamiyatining muhim instituti sifatida mamlakat taraqqiyotida, aholining ijtimoiy ehtiyojlarini qondirishda va joylardagi muammolarni hal etishda faol. Davlat siyosatida ham fuqarolik jamiyatini rivojlantirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan bo‘lib, NNTlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ma’lumki, 2021–2025 yillarda amalga oshirilayotgan Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi doirasida NNT rahbarlari uchun malaka oshirish va qayta tayyorlash o‘quvlari izchil tashkil etildi. Shu kunga qadar Prezident Farmonida ko‘rsatilganidek, 750 nafar NNT rahbarlari mazkur kurslarni muvaffaqiyatli yakunladi. Bu jarayon uchinchi sektor vakillarining bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlab, ularning faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Qayd etilganidek, yildan-yilga davlat tomonidan NNTlarni qo‘llab-quvvatlashning amaliy mexanizmlari takomillashtirilmoqda. Xususan, jamoat fondlari orqali har yili yuzlab loyiha moliyalashtirilayotir, davlat buyurtmalari tizimi orqali aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatlari ham kengaymoqda. Shuningdek, raqamli islohotlar doirasida “E-ngo.uz” yagona elektron platformasi orqali hisobotlarni taqdim etish tizimi joriy etildi.
Mazkur imkoniyatlar va shart-sharoitlar natijasida amalga oshirilgan yuzlab loyihalar yoshlar bandligini ta’minlash, xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, ekologik barqarorlik va ijtimoiy himoya sohalarida sezilarli samara berdi. Shu jihatdan, fuqarolik jamiyati vakillarining faolligi mamlakatda demokratik jarayonlarni mustahkamlashning muhim omili sifatida qayd etildi.
Tadbir davomida O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
[gallery-25297]
Malaka oshirish kurslarini muvaffaqiyatli yakunlagan 84 nafar tinglovchiga O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasining sertifikatlari tantanali ravishda topshirildi.
Mazkur malaka oshirish kurslari NNT rahbarlarining bilim va ko‘nikmalarini yanada chuqurlashtirib, ularning davlat dasturlaridagi ishtiroki, joylardagi ijtimoiy muammolarni hal etishdagi tashabbuslari va faoliyatini samarali amalga oshirishga hamda aholi turmush darajasining yaxshilanishiga xizmat qiladi. Bu esa o‘z navbatida, kuchli fuqarolik jamiyati sari tashlangan dadil odimlardandir.
Kamola Yusupova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA