NNTlarning 2023 yilgi rejalari belgilandi
Buxorodagi NNT va Do‘stlik uyida Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasining targ‘ibotiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi Ijtimoiy sheriklik komissiyasi, Jamoat fondi a’zolari, viloyatdagi NNT va Milliy madaniyat markazlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Tadbirda Ijtimoiy sheriklik komissiyasi raisi, Senat a’zosi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Buxoro viloyati mintaqaviy vakili Abira Huseynova murojaatnomaning mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumot berdi. Murojaatnomada milliy rivojlanishimizning yangi davri boshlangani, bu esa birinchi navbatda har birimizdan tinimsiz mehnat qilishni talab etishi ta’kidlandi. Taraqqiyot jasoratli mehnatda. Senator va deputatlarni, davlat xizmatchilarini, har bir O‘zbekiston fuqarosini islohotlar samarasi, mamlakatning yorqin istiqboli uchun Prezident jasoratli mehnatga da’vat etmoqda. Bu yilgi murojaatnoma o‘zining yanada xalqchilligi bilan alohida ajralib turdi. Unda mamlakat xalqi hayoti uchun zarur bo‘lgan biror soha chetda qolmadi.
Iqtisodiyot, investitsiyalar, tadbirkorlik, xususiylashtirish masalalarida yaratilayotgan keng imkoniyatlar mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiladi. Ayniqsa, ijtimoiy himoya, ta’lim-tarbiya, oila va mahalla hamkorligi, madaniyatni rivojlantirish, xavfsizlik masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganligi, yangi mexanizmlar asosida ishlarning tashkil etilishi ushbu sohalarda mavjud muammolarni yechishga xizmat qiladi. 2023 yilga “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berilishi zamirida birinchidan xalqparvar siyosat, jumladan, ijtimoiy davlat qurish yo‘lidagi tizimli harakatlarni izchil davom ettirish, ikkinchidan esa Taraqqiyot strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish, avvalo, inson salohiyatiga bog‘liqligidan kelib chiqib Inson salohiyatini to‘la namoyon etish uchun muhim omil bo‘lgan ta’lim, tarbiyaning samaradorligi va sifatini oshirish kabi mazmun mohiyat mavjud. Zero, Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlarning negizida aynan “inson qadri” tamoyili yotadi. Inson qadri Harakatlar strategiyasining ham, Taraqqiyot strategiyasining ham o‘zagi hisoblanadi. Har yili qabul qilinayotgan davlat dasturlari ham bir-birini mantiqiy davom ettirib, Taraqqiyot strategiyasida belgilangan 100 ta maqsadga erishish orqali inson qadrini yuksaltirish, xalqni tashvishga solayotgan muammolarni hal etish hamda hayotimiz farovon bo‘lishi uchun zamin hozirlamoqda. Murojaatnomada keltirilgan ayrim raqamlar qisqa vaqt mobaynida ulkan salohiyatga ega ishlar amalga oshirilganligidan guvohlik beradi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi inson huquqlari bo‘yicha 80 dan ortiq xalqaro hujjatlarga, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkilotining 6 ta asosiy shartnomaci va 4 ta fakultativ protokoliga qo‘shilgan. 2017 yilda kam ta’minlangan 500 ming oila ijtimoiy yordam olgan bo‘lsa, bugunga kelib, 2 milliondan ortiq oilalarga ko‘mak berilmoqda. Ajratilayotgan mablag‘lar esa 7 barobar ko‘paytirilib, yiliga 11 trillion so‘mga yetdi. Oxirgi olti yilda mamlakatimiz bo‘yicha qariyb 300 mingta yoki avvalgi yillarga nisbatan 10 barobar ko‘p uy-joylar qurildi. Maktabgacha ta’lim qamrovi 2016 yildagi 27,7 foizdan 70 foizga yetkazildi. Prezidentimiz Yangi O‘zbekiston “Ijtimoiy davlat” tamoyiliga asosan ta’limni qo‘llab-quvvatlash haqida to‘xtalib o‘tdi.
Jumladan, maktablarda ta’lim sifati hamda jamiyatda o‘qituvchi kasbining nufuzini oshirish, muallimlarning sharoitlarini yaxshilash 2023 yildagi eng asosiy vazifadir, boshlang‘ich sinflarda mutlaqo yangi metodika asosida yaratilgan darsliklar bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi, maktab ta’limini xalqaro ta’lim dasturlari asosida butunlay isloh qilishni boshlaymiz, deb bejizga aytmadi. Maktab har qanday xalq, millatning kelajagi, kuchli maktablarsiz, kuchli oliygohlar bo‘lmaydi, ularsiz yetuk olimlar bo‘lmaydi, ularsiz rivojlanish, taraqqiyot, uyg‘onish (Renessans) bo‘lmaydi, deb alohida ta’kidlandi.

Tadbirda murojaatnomada keltirib o‘tilgan har bir yo‘nalish hayotiy misollar orqali tushuntirib berildi. Prezidentimizning 2022 yil 29 apreldagi “Ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ham yig‘ilganlarga tushuntirib o‘tildi. Ma’lum bo‘lishicha, qaror asosida Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarni hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondlari hisobidan O‘zbekiston nogironlar jamiyati, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati, O‘zbekiston karlar jamiyati hamda O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasining hududiy bo‘linmalariga davlat subsidiyasini ajratish tizimi joriy etilishi belgilangan.
Ushbu qarorga asosan, joriy yilning 1 yanvardan boshlab Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hisobidan davlat subsidiyasini ajratish bo‘yicha O‘zbekiston nogironlar jamiyati, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati, O‘zbekiston karlar jamiyati hamda O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasining viloyat, shahar va tuman bo‘limlariga ajratiladigan subsidiya xarajatlari hamda milliy madaniy markazlarga davlat subsidiyasi ajratish uchun zarur mablag‘lar rejalashtirilgan. Bu borada Xalq deputatlari viloyat kengashi va viloyat moliya boshqarmasiga kerakli mablag‘larni ajratish bo‘yicha hujjatlar taqdim etilgan.
Xalq deputatlari viloyat kengashi tomonidan zarur mablag‘lar tasdiqlangandan so‘ng ushbu sarf xarajatlar amalga oshiriladi. Tadbirda Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, NNT va Milliy madaniyat markazlari tomonidan murojaatnomadan kelib chiqqan holda 2023 yilgi rejalar ham belgilab olindi.
Zarif Komilov, O‘zA