“Xalq gazeti”: Buxoroda Sharq ruhi va G‘arb san’ati uyg‘unlashmoqda
Ozarbayjon Respublikasining “Xalq gazeti” nashri Buxoroda o‘tkazilayotgan Fransuz madaniyati oyligiga bag‘ishlangan maqola e’lon qildi.
“Buxoroda Sharq ruhi, G‘arb san’ati” sarlavhali materialda O‘zbekistonning qadimiy Buxoro shahri boy tarixiy meros va zamonaviy Yevropa madaniyatini birlashtirgan maskan sifatida tasvirlangan. Qayd etilishicha, 2–31-oktabr kunlari davom etadigan madaniy dastur doirasida konsert, raqs namoyishlari, kino kechalari, ko‘rgazma va turli madaniy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Nashr Buxoroning tarixiy obidalariga ham alohida e’tibor qaratib, tadbirlarning bir qismi Ark qo‘rg‘oni, Poyi Kalon majmuasi va Sitorai Moxi Xosa saroyi kabi qadimiy maskanlarda o‘tkazilayotgani ta’kidlangan.
Shuningdek, maqolada 23–25-oktabr kunlari Buxoroda o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Painting Mirror” (Rangtasvir oynasi) raqamli san’at loyihasiga ham to‘xtalib o‘tilgan. Unda fransuz rassomligi, grafika, ko‘cha san’ati va sun’iy intellekt texnologiyalari imkoniyatlari birlashtiriladi. “Xalq gazeti” nashri Fransuz madaniyati oyligini Buxoroning boy tarixiy merosi va zamonaviy Yevropa san’ati o‘rtasidagi madaniy muloqotni namoyon etuvchi loyiha sifatida baholagan.
D.HAKIMOV,
O‘zA