NKMK: istiqbolli loyihalar samaralari
Navoiy shahrida Navoiy kon-metallurgiya kombinati aksiyadorlik jamiyatining 2022 yil birinchi choragida amalga oshirilgan ishlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda respublika va mahalliy OAV vakillari hamda blogerlar ishtirok etdi. Unda Xodimlar va ma’muriy masalalar bo‘yicha o‘rinbosar, Boshqaruv a’zosi Kurbonmurat Taparov, Byudjetlashtirish va kontrolling bo‘limi boshlig‘i Umidjon Kostayev axborot berdi.
Keyingi yillarda kombinatda yirik investitsiya loyihalari amalga oshirildi. Jumladan, 2021 yilda 7-gidrometallurgiya zavodi foydalanishga topshirildi, 2-gidrometallurgiya zavodida yiliga 12 million tonna ma’danni qayta ishlaydigan “B” korpusi ishga tushirildi. Ta’kidlanganidek, o‘tgan yilda “NKMK” AJning respublika sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishdagi ulushi 13 foiz bo‘lib, 51,2 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan va davlat byudjetiga 35,8 trillion so‘m to‘lovlar amalga oshirilgan. Kombinat faoliyatining o‘tgan yil yakuni bo‘yicha sof foydasi 11,5 trillion so‘mni tashkil etib, 2021 yilda kombinat jahondagi oltin ishlab chiqaruvchi kompaniyalar reytingida 5-o‘rinni egallagan.
– Investitsiya dasturi doirasida 604,5 million AQSH dollari qiymatidagi mablag‘ o‘zlashtirilib, 3 ming 371 ta yangi ish o‘rni yaratildi, – deydi Byudjetlashtirish va kontrolling bo‘limi boshlig‘i Umidjon Kostayev. – Mahalliylashtirish dasturi doirasida esa 430,4 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasi doirasida qariyb 4 trillion so‘mlik mahsulot xarid qilindi. Mahsulot tannarxini kamaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ijrosi natijasida mahsulot tannarxini 1 trillion so‘mga yoki 7,3 foizga kamaytirishga erishildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 noyabrdagi “Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga asosan “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” ga ham mamlakat hududlarida oltin izlovchilar usulida qazib olingan qimmatbaho metallarni sotib oluvchi ixtisoslashtirilgan qabul kassalarini ochishga ruxsat berilgan bo‘lib, o‘tgan yilda qariyb 12 kilogram miqdorida oltin xarid qilingan.
Joriy yilda “Pistali” koni negizida yiliga 4 million tonna oltin tarkibli ma’danni qayta ishlaydigan 6-gidrometallurgiya zavodi qurilishi boshlangan bo‘lsa, yaqindagina Navoiy kon-metallurgiya kombinatini 2026 yilgacha rivojlantirish dasturi doirasida 40 million tonnadan ortiq ma’dan zaxirasiga ega bo‘lgan “Muruntov” koni tarkibida “Balpantog‘ – Tomdibuloq” konida birinchi portlatish ishlari amalga oshirildi. Konlardan qariyb 15 yil mobaynida yiliga 3 million tonnadan oltinga boy ma’dan qazib olinadi.
Tadbirda OAV vakillari va jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob oldi.
Abduvali Bo‘riyev,
Siroj Aslonov (surat), O‘zA