“NIS AI” nomli yangi zamonaviy maktab ochildi
Mustaqilligimizning o‘ttiz to‘rt yilligi munosabati bilan Namangan viloyati Davlatobod tumanida yana bir zamonaviy ta’lim maskani – “NIS AI” xususiy maktabi o‘z faoliyatini boshladi.
Mazkur quvonchli voqea nafaqat yangi o‘quv yili, balki mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga ham munosib tuhfa bo‘ldi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali ochilish tadbirida Namangan viloyat hokimining o‘rinbosari Otabek Bozorov, Davlatobod tumani hokimi Anvar Tojimirzayev ishtirok etdi.

Unda ta’kidlanganidek, Namangan viloyatida yosh avlod kamoloti yo‘lida salmoqli ishlarga qo‘l urildi. 2017-2025 yillarda 327 ta umumta’lim maktabida qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilib, 61 mingta qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratildi. Qolaversa, viloyatda tashkil etilayotgan nodavlat ta’lim muassasalari soni ham oshib borayotganligi tahsinga molik.

Tadbirkor Muhammad Elyor Yo‘ldoshev tashabbusi bilan barpo etilgan “NIS AI” xususiy maktabi 320 nafardan ziyod o‘quvchini qamrab oldi. Loyiha orqali 50 nafar yangi ish o‘rni yaratildi. Zamonaviy talablarga javob beradigan mazkur maskan Namanganda birinchi, yangi bosqichni boshlab bermoqda. Ya’ni, zamonaviy bilimgohda an’anaviy fanlar bilan bir qatorda, sun’iy intellekt savodxonligi, robototexnika, ma’lumotlar tahlili va raqamli ko‘nikmalar o‘qitiladi.

“Cambridge + PICE + AI” modeli asosida xalqaro tajribalar tatbiq etiladi. “Steam” dasturi orqali o‘quvchilarning qobiliyati rivojlantiriladi. Maktab huzurida “AI” va media laboratoriyalari, robototexnika markazi va “3D-meykerspeys” tashkil etilgan bo‘lib, ular o‘quvchilarning ijodiy va tafakkur salohiyatini teran ochishga xizmat qiladi.


– Ta’lim sohasidagi faoliyatimni bundan 21 yil avval boshlaganman. 2019 yildan Chortoq tumanida maktab faoliyatini yo‘lga qo‘ygan edim. Hozirda Namangan shahri hamda Chust, Pop, Kosonsoy, Uychi tumanlarida o‘z filiallarimiz mavjud. Yangi ochilgan “NIS AI” xususiy maktab esa “Namangan International School”ning yettinchi filiali hisoblanadi. Ushbu maktab ertamiz egalarini zamon talablariga mos bilim va ko‘nikmalar bilan ta’minlaydigan, ularni xalqaro miqyosda raqobatbardosh kadrlar sifatida yetishtiradigan yangi avlod ta’lim maskani hisoblanadi, – deydi tadbirkor va pedagog Muhammad Elyor Yo‘ldoshev.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.