Nima uchun okeanlar kuni nishonlanadi?
Okeanlarning inson hayotidagi muhim ahamiyati to‘g‘risida xabardorlikni oshirish maqsadida har yili 8 iyun sanasida Butunjahon okeanlar kuni nishonlanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ummonlar yer yuzining taxminan 71 foizini egallaydi.
Bu eng katta sho‘r suv havzasini, shuningdek, yer yuzidagi eng asosiy o‘simliklar, hayvonlar va boshqa organizmlarni o‘zida jamlaganini anglatadi. Bundan tashqari, ummonlar sayyoramizni kislorod bilan ta’minlaydigan asosiy manbalardan biridir.
Dunyo okeanlari kunini nishonlashdan maqsad insoniyat umri mobaynida ummondan oluvchi foydalari xususida ongni shakllantirishdir. Okeanlar inson hayotini saqlab qoluvchi turli dorivor birikmalar, yallig‘lanishga va saratonga qarshi vositalarga ega. Shunday ekan, barqaror rivojlanish uchun dengiz va suvosti boyliklarini saqlash bizning burchimizdir.
Okean yerdagi ko‘plab biologik xilma-xillikning vatani bo‘lgani sababli dunyo ahli uchun oqsilning asosiy manbalaridan biri hisoblanadi. Bundan tashqari, okean nafaqat salomatlikning, balki iqtisodiyotning ham kaliti, deydi dunyo olimlari. 2030 yilga kelib ummonga asoslangan sanoat korxonalarida 40 million kishi ish bilan ta’minlanadi.
Ma’lumot uchun, Butunjahon okeanlar kuni konsepsiyasi ilk bor 1992 yilda Braziliyaning Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tgan Yer sammitida taklif qilingan.