Niagara koʻprigi ustida avtomobil portladi
AQSH va Kanada chegarasida joylashgan Niagara sharsharasi ustidan o‘tgan ko‘prikdagi chegara manzilida avtomobil portlagan. “ABC News” tarqatgan xabarga ko‘ra, ayni payt ko‘prik ikki tomondan ham yopib qo‘yilgan. Voqea guvohlari aytishicha, AQSHga o‘tayotgan transport vositasida kuchli portlash sodir bo‘lgan. Hozir tegishli idoralar hodisa sababini o‘rganmoqda.
“Fox News” kanali o‘z manbalariga tayanib yozishicha, avtomobildagi yo‘lovchilar halok bo‘lgan, chegarachi jarohatlangan. Bundan tashqari Federal qidiruv byurosi hodisani terror harakati sodir etishga urinish, deya baholash masalasini ko‘rib chiqmoqda.
Mutaxassislar tergov xodimlari voqea joyidan topgan sumkada portlovchi qurilma bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishyapti. Mashinada hozircha portlovchi modda izi topilmagan.
Voqea haydovchining ehtiyotsizligi natijasida yuz bergan bo‘lishi mumkin, deyiladi “Reuters” agentligi tarqatgan xabarda.
Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo mamlakat rahbariyati barcha chegara punktlarida qo‘shimcha xavfsizlik choralarini ko‘rish masalasini o‘rganmoqda, degan.
Keyinroq Nyu-York shtati gubernatori Keti Xokul favqulodda hodisadan keyin Federal qidiruv byurosi xodimlari shahardagi barcha chegaralar nazoratga olinishini ta’kidladi. Uning aytishicha, hukumat yuz bergan fojeani terror sifatida ko‘rmayapti.
Oq uydan ma’lum qilinishicha, AQSH Prezidenti Jo Bayden voqeadan xabardor qilingan.
Aytishlaricha, Niagaradagi xalqaro Baffalo aeroporti portlashdan keyin reyslarni qabul qilish va jo‘natishni to‘xtatgan.