Netanyahu: Qatarga berilgan zarba – haqqoniy (+video)
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu Qatar poytaxti Doha shahridagi HAMAS qarorgohiga qilingan hujumni “qonuniy” deb atadi va qayerda bo‘lishlaridan qat’i nazar, guruh rahbarlariga nisbatan yana zarba berilishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.
Ushbu bayonot AQSH davlat kotibi Marko Rubio Isroilga tashrif buyurganda o‘tkazilgan matbuot anjumani chog‘i yangradi. Netanyahu ta’kidlashicha, Vashington hamon yahudiy davlati tomonida va har ikki davlat “G‘azoda barqaror tinchlikka erishish, HAMASni yo‘q qilish va barcha garovga olinganlarni ozod etish”ni maqsad qilgan. Hozir jangarilar qo‘lida qolayotgan 50 odamdan taxminan 20 nafari hayotligiga ishonch bor. Shuningdek, Isroil rahbari o‘tgan oy anklavda boshlangan Isroil armiyasining hujumkor amaliyoti to‘liq nazorat o‘rnatilgunga qadar davom etishi, HAMASning so‘nggi tayanch nuqtasi, deb hisoblanayotgan anklav shimolidagi shaharni yo‘q qilish rejalashtirilganini ma’lum qildi.
G‘azoda yuz minglab falastinlik yashaydi, Isroil ularni janubga ko‘chishga majburlamoqda. Netanyahu dalil keltirmasdan, HAMAS jangarilari tinch aholini “tirik qalqon” qilib, shahardan chiqarmayotgani, hatto “aholining yo‘lini to‘sish uchun odamlarning oyog‘idan otayotgani”ni, iddao qilyapti. Va har qanday vaziyatda hujum davom etishini aytmoqda. HAMAS ma’lumotiga ko‘ra, garchi mustaqil ravishda tasdiqlash yoki inkor etish imkoni bo‘lmasa-da, Isroil tomonidan urush kengaytirilishi e’lon qilingandan beri kamida 350 000 falastinlik uyini tark etgan, 1600 turar-joy binosi va 13 000 vaqtincha yashash chodiri vayron qilingan. Bu raqamlar Netanyahu e’lon qilgan axborot to‘g‘riligiga shubg‘a uyg‘otayotgandek.
Isroil yetakchisi HAMAS vakolatxonasiga havo zarbasi berilganiga izoh berarkan, “Qochishingiz mumkin, yashirinishingiz mumkin. Sizlarni baribir topamiz." Xalqaro hamjamiyat hujumni keskin qoraladi. Bosh vazir esa tanqidga keskin javob qaytarib, Isroil nohaq tanqid qilinayotganiga urg‘u berdi. Shundan so‘ng BMT Xavfsizlik kengashi 1373-sonli rezolyutsiyasiga ishora qildi: hujjatda “hech bir davlat terrorchilarni panohiga olmasligi, moliyalashtirmasligi yoki yordam bermasligi kerak”ligi belgilab qo‘yilgan.
Netanyahu Dohaga hujumni AQSH Afg‘oniston va Pokistonda Al-Qoida rahbari Usama bin Lodinga qarshi o‘tkazgan amaliyot bilan solishtirdi.– Jinoyat amalga oshirishi uchun terrorchilarga qo‘nalg‘a va panoh taqdim etgan yurt suveren davlat emas, – dedi u. – Xalqaro qonunga ko‘ra, har qanday mamlakat fuqarosini ommaviy qirg‘indan himoya qilish uchun chegaradan tashqarida ham o‘zini himoya qilish huquqiga ega.
Davlat rahbari “Mossad”ning 1972 yil Myunxen Olimpiadasida isroillik sportchilarni o‘ldirgan Falastinni ozod etish tashkiloti a’zolarini Yevropada yo‘q qilish amaliyotini ham eslab, o‘shandan biror davlat Isroilni bu harakati uchun qoralamaganiga e’tibor qaratdi.– Biz bunday ishlarni yetakchi Yevropa davlatlarida ham qilganmiz,– dedi u.
Rubio Vashingtonning bu masala bo‘yicha aniq qarashini bildirmadi, faqat AQSH mintaqada urush kengayishining oldini olish siyosatiga rioya qilishini bildirdi, xolos. So‘ngra Qatarni AQSHning yirik ittifoqdoshi, deb atadi va Amirlikni G‘azo sektoridagi nizoni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha asosiy vositachi sifatidagi rolidan voz kechmaslikka chaqirdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/oqz2ZReMEgI" title="Netanyahu: Qatarga berilgan zarba – haqqoniy" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA