Nega Farg‘ona meva-sabzavotining “bozori chaqqon”?
Farg‘ona viloyatida 15 ming gektardan ortiq uzumzor mavjud. Shundan qariyb 5 ming gektari Oltiariq tumani hissasiga to‘g‘ri keladi. Uzumning asosiy hosil mavsumi hali boshlanmagan bo‘lsa-da, ertapishar navlardan yetishtirilgan dastlabki hosil allaqachon jahon bozoriga yo‘l oldi.
Bugungacha 2,9 ming tonna uzum eksport qilindi va 2,6 million dollar bog‘bon hisob raqamiga tushdi. Yoz issiq keldi deya olmaymiz. Bog‘bon ertapishar navlarga e’tiborini kuchaytirdi. Shundanmi, uzum eksporti hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 1 ming tonna ko‘p edi.
Mevalar orasida qora shahzoda deb nom olgan “Qashqar gilos” eksporti birinchi o‘rinda. Hozirgacha uning 4,3 ming tonnasi Yaponiyadan Amerikagacha yuborildi va ulardan 9,2 million dollar kelib tushdi.

Farg‘ona o‘riklariga ham talab katta. Bugungacha viloyatdan xorijiy mamlakatlarga 4,6 ming tonna o‘rik eksport qilindi. Eksportning umumiy qiymati 5,8 million AQSH dollarini tashkil etdi.

Sabzavotlar orasida karam “rekordchi”. Shu yilning o‘zida viloyatdan xorijiy davlatlarga 13,5 ming tonna karam yuborildi. Eksportning umumiy qiymati 7,0 mln AQSH dollarini tashkil etdi.

Ha, bu yil Farg‘ona viloyatida qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksporti 500 million dollardan oshishi kutilmoqda. Bunga esa asosli zamin bor.
Muhammadjon Obidov, O‘zA