Navro‘z yangi maktab binosida nishonlandi
Tuyul nafaqat tuman, balki viloyatning eng chet qishlog‘i. Bu yerdagi bundan 57 yil muqaddam barpo etilgan maktab binosi 320 o‘quvchi o‘rniga ega edi. Tabiiyki, yillar davomida hududda aholi, jumladan, maktabga qatnovchi o‘quvchilar soni ortgan. So‘nggi vaqtlarda bilim maskanida 800 nafardan ziyod o‘quvchilar bir necha smenada almashib tahsil olayotgan edi. Bu hol yangi qo‘shimcha binoga ehtiyojni kuchaytirdi.


“Navro‘zni ulug‘lash insonni ulug‘lashdir!” shiori ostida keng nishonlanayotgan bayram arafasida O‘zbekiston tumani Tuyul mahallasida joylashgan 36-umumta’lim maktabi uchun 660 o‘rinli qo‘shimcha yangi o‘quv binosi qurilib, foydalanishga topshirildi.
Namunaviy loyiha asosidagi 4 qavatli yangi va ko‘rkam o‘quv binosi investitsiya dasturi doirasida 11 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘ evaziga qad rostladi. Unda o‘quvchilarning sifatli bilim olishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.


Muhammadjon Obidov, O‘zA