Navro‘z tarovati dillarga shodlik ulashmoqda
Namangan viloyatining Chortoq tumanida umumxalq Navro‘z bayrami “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!” degan bosh g‘oya asosida ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Damariq mahallasidagi markaziy o‘yingohda uyushtirilgan saylda mahallalar, mehnat jamoalari va yoshlar tomonidan turli sohalarga oid bayram ko‘rgazmalari va sport chiqishlari namoyish etildi.
Chortoq tumani hokimi Ilhomjon Sattorov boshchiligida huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda tashkilotlar rahbarlari bayram ko‘rgazmalari va badiiy dasturlar bilan tanishdi. Tinchlik, Vatan va bahorni madh etuvchi dilrabo kuy-qo‘shiqlar yangradi. Tuman madaniyat bo‘limi xonandalari, umumta’lim maktablari va bolalar bog‘chalari hamda 14-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchilarining ajoyib chiqishlari esa barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

To‘raqo‘rg‘ondagi Ishoqxon Ibrat nomidagi majmuada nuroniylar, mehnat faxriylari, yoshlar vakillari, tashkilot va muassasalar jamoalari jam bo‘ldi. Ko‘rgazmalarda erishilayotgan yutuqlar aks etdi, bahor taomlari namoyish etildi, kuylar raqslarga ulandi, sportchi va yosh harbiylarning chiqishlari o‘zgacha ko‘tarinkilik ulashdi.
Bayram kunlaridagi xayrli ishlarda O‘zbekistonning yangi taraqqiyot strategiyasida bosh mezon etib belgilangan “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” tamoyilining amaldagi ifodasi yaqqol ko‘zga tashlandi. Binobarin, Navro‘z o‘zining qadimiyligi, tabiatimizga uyg‘unligi va go‘zalligi, ma’no-mazmunining teranligi bilan boshqalardan ajralib turadi.

O‘zaro mehr-oqibat, saxovat va muruvvat ko‘rsatish, tabarruk keksalarimizni yo‘qlash, nogironligi bor, yordamga muhtoj insonlar holidan xabar olish, hasharlar o‘tkazib, Vatanimizni yanada obod qilishdek ulug‘vor ishlar diqqatga molik.
Birgina To‘raqo‘rg‘on tumani misolida oladigan bo‘lsak, joriy yilda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun ajratilayotgan mablag‘ 223,4 milliard so‘mni tashkil etadi. Bu yangi ish o‘rinlari, obodlik va bunyodkorlikka zamin yaratadi. Tadbirda xushovoz xonandalarning go‘zallik, tinchlik va farovonlikni tarannum etuvchi chiqishlari davraga fayz kiritdi.

Uychi tumani markazidagi “Mustaqillik bog‘i”da bayramga bag‘ishlangan tadbir milliy an’ana va qadriyatlarimizni o‘zida aks ettirdi. Alohida e’tirof etilganidek, Navro‘z yashnash, yasharish bayrami, tabiatning uyg‘onishi bilan bog‘liq yangi kunning boshlanishidir. Butun O‘zbekistonda bo‘lgani kabi uychiliklar dilida navro‘ziy kayfiyat hukmron, bayram shukuhi nigohlarda ufurib turibdi. Bayram shodiyonasi keng miqyosda nishonlanib, saylda milliy raqslar, bahoriy kuy-qo‘shiqlar kuylandi. Xalq o‘yinlari, sport musobaqalari, sumalak sayli, badiiy sahna ko‘rinishlari, aytilgan she’rlar barchaga ajib xushkayfiyat va tabassum ulashdi.
Navro‘z tantanasida “Bo‘ston”, “Tepasaroy”, “Quvurboshi” va “Keskanyor” mahalla fuqarolar yig‘inlariga 50 million so‘mlik, “yettilik” jamoasiga 10 million so‘mlik, Navro‘z saylini o‘tkazishdagi faolligi uchun tuman madaniyat bo‘limiga 50 million so‘mlik vaucherlar, kommunal soha xodimlaridan bir guruhiga tuman hokimining tashakkurnoma va qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.
El suygan san’atkorlar, estrada xonandalari hamda tuman madaniyat bo‘limi yosh ijrochilari ishtirokida yangragan xonishlar yig‘ilganlarga quvonch bag‘ishladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.