Navro‘z shukuhi davom etmoqda
Navro‘z shukuhi nafaqat yurtimizda, balki xorij davlatlarida ham hamon davom etmoqda. Leningrad viloyatining Do‘stlik uyi binosida Navro‘zi olamga bag‘ishlangan bayram kechasida bu yana bir bor namoyon bo‘ldi.
O‘zbekistonning Sankt-Peterburgdagi Bosh konsulxonasi tomonidan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va «Uzbekistan Airways» AJ vakolatxonalari bilan o‘zaro hamkorlikda tashkil etilgan mazkur tadbirda Sankt-Peterburg ma’muriyati vakillari, ushbu shaharda istiqomat qilayotgan hamda tahsil olayotgan vatandosh va talabalar hamda harbiy ta’lim muassasalarining tinglovchilari ishtirok etdi.

Tadbirda Leningrad viloyati rahbari tomonidan O‘zbekistonda davlatchilikni mustahkamlash va fuqarolar farovonligini oshirishga qaratilgan samarali o‘zgarishlar ro‘y berayotgani alohida qayd etildi. Unda, jumladan, Leningrad viloyati Rossiyaning ishonchli strategik hamkori bo‘lgan O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga katta ahamiyat berishi hamda o‘zaro do‘stona aloqalarni, shu jumladan, mintaqaviy darajadagi aloqalarni yanada mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar yaratilishidan manfaatdor ekanligi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Navro‘z bayrami munosabati bilan so‘zlagan nutqi tadbir ishtirokchilarining e’tiboriga havola qilindi.
Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan yana bir tantanali marosim mamlakatimizning Benilyuks mamlakatlaridagi elchixonasi tomonidan Niderlandiyaning Gaaga shahrida tashkil etildi.
Unda Niderlandiyaning rasmiy, ijtimoiy-siyosiy, madaniy, ishbilarmon doiralari vakillari, ommaviy axborot vositalari hamda ushbu mamlakatda istiqomat qilayotgan o‘zbekistonlik vatandoshlar
ishtirok etdi. Bayram tadbirida, shuningdek, Qozog‘iston, Ozarbayjon hamda Turkiya elchixonalari ham o‘z stendlari bilan ishtirok etdi.
Marosimda O‘zbekiston diplomatiya vakolatxonasi vakili tadbir ishtirokchilarini bahor, yasharish va yangilanish ramzi – Navro‘zi olam bayrami bilan qutlar ekan, mamlakatimiz ayni kunlarda o‘z milliy taraqqiyotining yangi davriga ulug‘vor maqsad va amaliy ishlar bilan kirib borayotgani hamda islohotlarni izchil davom ettirish asnosida Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi hamda “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” dasturi qabul qilingani xususida to‘xtaldi.
Shu bilan birga, tadbir doirasida o‘zbek xalq milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazma-yarmarkasi ham tashkil etildi. Marosimning badiiy qismida xalqimiz kuy va qo‘shiqlaridan iborat bo‘lgan konsert dasturi namoyish etildi.
Tadbir mehmonlari bayram dasturxoniga tortilgan palov, somsa va xalqimizning boshqa milliy taomlardan tatish imkoniyatiga ham ega bo‘ldi.
O‘zA