Navro‘z saxovat va bunyodkorlik timsolidir
Dunyoda turli bayramlar, qutlug‘ sanalar ko‘p. Lekin inson qadri va sha’nini ulug‘lashda Navro‘z ayyomi alohida o‘rin tutadi.
Shu kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida yangilanish, yasharish va bahor bayrami – Navro‘zi olam shukuhi ufurib turibdi. Namangan viloyatining shahar va tumanlarida, korxona, tashkilot hamda muassasalarida umumxalq bayrami “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!” bosh g‘oyasi asosida keng nishonlanmoqda.

Bahorning ilk nafasi bilan kirib kelgan Navro‘z “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Namangan hududiy filialida sayl tarzida keng tantana bilan o‘tkazildi.
Tadbirda filial direktori vazifasini bajaruvchi To‘lqinjon Mullajonov ishtirokchilarni bayram bilan tabriklab, sharqona yangi yil – Navro‘zi olam asrlar davomida bahor, ezgulik, mehr-oqibat va bunyodkorlik ramzi sifatida xalqimiz hayotida beqiyos o‘rin tutganini alohida aytdi.
Saylda shahar, tuman elektr ta’minoti korxonalari tomonidan milliy urf-odatlar va qadriyatlarimiz, hunarmandchilik namunalari hamda doshqozonlarda sumalak tayyorlandi. Shuningdek, milliy sport musobaqalari, milliy liboslar ko‘rgazmasi, taniqli san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi saylga yanada fayz bag‘ishladi.

– Korxonamizda yuzga yaqin ishchi-xodimlar 44 ming 200 dan ortiq elektr energiyasi iste’molchilariga xizmat qilib kelmoqda. Aholi va yuridik iste’molchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida ta’minotni modernizatsiya qilishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Chortoq tumani elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i Ikromjon Yunusov. – Jumladan, davlatimiz rahbarining farmon va qarorlari bilan tasdiqlangan tegishli dasturlarga ko‘ra, o‘tgan 2025-yilda tumanimizdagi Sohibkor, O‘rikzor, Qoramurt, Dehqonobod va Guldirov mahallalarida 62 kilometr tarmoq tortilib, 14 ta transformator o‘rnatildi. Saylda Navro‘zning ajralmas bo‘lagi sanalgan millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik namunasini o‘z ko‘rgazmalarimizda aks ettirdik. Bu yurtimizda 130 dan ortiq turli millat va elat vakillari “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” g‘oyasiga birlashib, o‘zaro ahillikda umrguzaronlik qilayotganidan nishona.
Bayram doirasida ezgu an’analar davom ettirilib, ishchi-xodimlarning 17 nafar farzandi uchun xatna to‘ylari uyushtirildi. To‘ybolalarga velosiped va pul mukofotlari taqdim qilindi.

Tadbir yakunida, sport musobaqalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Mingbuloq tumani elektr ta’minoti korxonasi, osh chempionatida zafar quchgan filial energosotish bo‘limi, milliy qadriyatlar va modalar ko‘rgazmalarida eng yuqori natijani ko‘rsatgan Davlatobod tumani elektr ta’minoti korxonasi jamoalari qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Darhaqiqat, Navro‘z sayli milliy qadriyatlarimizni ulug‘lash, jamiyatda birlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan unutilmas bayramga aylandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.