Navoiyda zamonaviy qimmatbaho metallarni xarid qilish markazi ishga tushirildi
Navoiy viloyatining G‘ozg‘on shahrida yangi, oltinni qayta ishlash va xarid qilish maqsadida “O‘zmilliybank”ning imtiyozli kredit mablag‘lari hisobiga “Gazgan Refining” MCHJ korxonasi faoliyatini boshladi.
Hozirda qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi sub’ektlarning umumiy soni 112 ta bo‘lib, ularning 103 tasi Navoiy viloyatida, 9 tasi esa Samarqand viloyatida faoliyat olib boradi. Oltin izlovchilar faoliyati uchun ajratilgan yer maydonlari hajmi Navoiy viloyatida 330 gektar, Samarqand viloyatida 21,5 gektarni tashkil etadi.
Ushbu zamonaviy korxonaning yillik quvvati oltin rudasidan olingan 1,4 tonna oltin tarkibli konsentratni qayta ishlashga mo‘ljallangan bo‘lib, bu hudud sanoatining salohiyatini yangi bosqichga olib chiqadi va uning eksport imkoniyatini oshirishda mustahkam poydevor vazifasini o‘taydi.
Markazda foydalanilayotgan eng ilg‘or va zamonaviy uskunalar Italiyaning “Italimpianti” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Kimyoviy affinaj uskunalari jarayonlarning mutlaq aniqlikda, ekologik xavfsizlik qoidalariga rioya etilgan holda va eng yuqori samaradorlik bilan bajarilishini ta’minlaydi.
- Markazimizning asosiy vazifasi mahalliy konlardan qazib olingan oltin xomashyosini zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlash, uni tozalash va xalqaro standartlarga javob beradigan 999 probali sof oltin quymalarini ishlab chiqarish va xarid qilishdan iborat, - deydi MCHJ direktori Panji Choriyev.
- Ushbu loyiha Prezidentimizning 2024-yil 23-iyuldagi “Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish sohasini yanada rivojlantirish va ularning raqobatbardoshligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni doirasida yaratilgan imkoniyatlar va “O‘zmilliybank” tomonidan ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘lari asosida amalga oshirildi. Mazkur qo‘llab-quvvatlash korxonaga zamonaviy uskunalarni xarid qilish, ishlab chiqarish jarayonini tezkor tashkil etish va yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini berdi. Bu esa mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlarning amaliy natijasidir.
Mazkur majmuaning ishga tushishi zargarlik korxonalarini uzluksiz va kafolatlangan yuqori sifatli xomashyo bilan ta’minlabgina qolmay, oltin izlovchilarning uzog‘ini yaqin qilish, hududda yangi ish o‘rinlari yaratilishi hamda mahalliy iqtisodiyotning yanada yuksalishida muhim ahamiyat kasb etadi.
- Biz uchun eng katta yangilik va qulayliklardan biri - qazib olingan oltin xomashyosini topshirish jarayonining ancha yengillashganidir, - deydi buxorolik tadbirkor Anvar Jumayev. - Ilgari xomashyoni topshirish uchun uzoq masofalarni bosib o‘tishga, qo‘shimcha vaqt va mablag‘ sarflashga to‘g‘ri kelardi. Bu esa faoliyat samaradorligiga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatar edi. Qazib olingan oltinni hududning o‘zida qabul qilish, baholash va qayta ishlash imkoniyati yaratilgani vaqt tejash bilan birga, transport xarajatlarini ham sezilarli darajada qisqartiradi. Shuningdek, markazda zamonaviy laboratoriya va baholash xizmatlarining yo‘lga qo‘yilishi natijasida topshirilayotgan xomashyoning sifati va tarkibini tezkor aniqlash imkoniyati paydo bo‘ldi.
Bunday zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarining tashkil etilishi nafaqat mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirishga, balki sohada yangi ish o‘rinlari yaratilishiga ham xizmat qilmoqda. Xususan, affinaj sohasi uchun texnolog, kimyogar, laboratoriya mutaxassisi, asillik darajasini aniqlash bo‘yicha mutaxassis hamda yuqori malakali texnik kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormoqda.
Bu esa mamlakatimizda ilgari kam uchraydigan yangi yo‘nalishdagi mutaxassislarni shakllantirish, ularning malakasini oshirish va sohaga zamonaviy bilim hamda texnologiyalarni olib kirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
- G‘ozg‘onda yangi markazining ishga tushirilishi soha uchun muhim qadamlardan biri bo‘ldi, - deydi “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Nodir Mirahmedov.
- Bugungi kunda yuqori asillik darajasiga ega oltin quymalarini sotib olish imkoniyatlari kengaytirilib, yangi ishlab chiqarish quvvatlari va korxonalari tashkil etilmoqda. Hozirda sohadagi tadbirkorlik sub’ektlari soni 2700 tadan oshdi. Ya’ni ishlab chiqaruvchi korxonalar 299 ta, oxirgi besh yil ichida olti barobar o‘sgan. Yakka tartibdagi tadbirkorlar, zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar 658 ta bo‘lib, besh barobarga, savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarimiz esa 1750 taga yetib, to‘rt barobarga oshgan.
O‘tgan yilning o‘zida 18,5 tonna tilladan, 2,5 tonna kumushdan yasalgan zargarlik buyumlari ishlab chiqarilgan.
Zargarlik korxonalarining sifatli xomashyo bilan barqaror ta’minlanishi, mahsulot raqobatbardoshligining oshishi importga ehtiyojning qisqarishi uchun mustahkam asos yaratilmoqda. Bunday loyihalar milliy zargarlik sanoatini rivojlantirish va mahalliy brendlarning xalqaro bozordagi o‘rnini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yaratilayotgan yangi infratuzilma va qonuniy savdo mexanizmlari qimmatbaho metallar aylanmasining yanada shaffof bo‘lishiga xizmat qilmoqda. Ilgari qimmatbaho metallarni qabul qilish va qayta ishlash bo‘yicha yetarli imkoniyatlar mavjud emasligi ayrim holatlarda norasmiy munosabatlar va noqonuniy savdo holatlarining yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda zamonaviy affinaj markazlari va rasmiy xarid tizimlarining tashkil etilishi orqali qimmatbaho metallar harakatining qonuniyligi va shaffofligi ta’minlanmoqda.
- Tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida keyingi uch yil ichida korxonalar soni 1000 taga, ishchilar soni 4300 taga, ishlab chiqarish hajmi esa 3 barobarga va eksport ko‘rsatkichlari 6 barobarga oshirilishga erishildi, - deydi “O‘zmilliybank” AJ Navoiy viloyat bo‘yicha hududiy direktori Laziz Xolmedov. - Ushbu markazda oltin izlovchilar uchun alohida qulayliklar yaratilgan.
[gallery-29933]
Jumladan, kunlik o‘lchovli oltin quymalarni sotish, kunlik xomashyoni qayta ishlash, bundan tashqari aholidan zargarlik buyumlarini qayta ishlash uchun xarid qilish imkoniyatlari mavjud. Shuningdek, markazda joylashgan “O‘zmilliybank” AJ Bank xizmatlari ofisi orqali darhol pul o‘tkazmalar amalga oshirilishi, kerak bo‘lsa shu yerning o‘zida naqd ko‘rinishda olib ketilishi mumkin.
Albatta, Navoiy viloyatidagi ushbu markazning ochilishi O‘zbekiston oltinining jahon bozoridagi nufuzini yanada mustahkamlash bilan birga milliy zargarlik brendlarining xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashi uchun xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA