Navoiyda iste’molga yaroqsiz alkogol va tamaki mahsulotlari yo‘q qilindi
Navoiy shahridagi markaziy chiqindixona hududida Majburiy ijro byurosi Navoiy shahar bo‘limi tomonidan sud hujjatlari ijrosini ta’minlash doirasida iste’molga yaroqsiz deb topilgan alkogol va tamaki mahsulotlarini belgilangan tartibda yo‘q qilish ishlari amalga oshirildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudining ijro hujjatiga asosan, daliliy ashyo sifatida olingan hamda iste’molga yaroqsiz deb topilgan 38 turdagi jami 4 610 dona alkogol mahsuloti va 14 turdagi 1 235 quti tamaki mahsuloti belgilangan tartibda yo‘q qilindi.

Majburiy ijro byurosi tomonidan sud hujjatlarining ijrosini ta’minlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda qonun hujjatlarida belgilangan talablarning ijrosini ta’minlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri