Navoiyda chorva soni ko‘paymoqda
Mo‘g‘uliston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Daadanxuu Batbaatar Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida Konimex tumanidagi “Sarjal” ovul fuqarolar yig‘inidagi “Usen ota” fermer xo‘jaligida parvarishlanayotgan, Mo‘g‘ilistondan keltirilgan zotdor qo‘ylarni ko‘zdan kechirdi.
Davlatimiz rahbari 2024 yil 31 oktyabr-1 noyabr kunlari Navoiy viloyatiga tashrifi davomida “Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish hamda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalar”ga bag‘ishlab yig‘ilish o‘tkazgan edi. Yig‘ilishda viloyatda 9 million gektar yaylov bo‘lsa-da, chorva kamligi ta’kidlanib, mas’ullar zimmasiga kelgusi uch yil 3 million gektar yaylov yaxshilanishi, chorva 10 karra ko‘paytirilishi zarurligi bo‘yicha alohida vazifalar yuklatilgan edi. Shuningdek, chorvachilikni rivojlantirish uchun xorij tajribasini o‘rganish, hududning iqlim sharoitiga mos chorva zotlarini olib kelib ko‘paytirish, amaliy va nazariy tamoyillarni integratsiya qilish borasida ham ko‘rsatmalar berilgandi.

Shunddan so‘ng 2024 yil oxiri va 2025 yil avvalida Mo‘g‘ulistondan viloyat yaylovlariga iqlim sharoitiga tez moslashuvchan 5100 bosh qo‘y olib kelindi. Go‘sht-jun yo‘nalishidagi ushbu zotli jonivorlarning tirik vazni 70-80 kilogramm, qo‘chqorlari 100-120 kilogrammgacha, go‘sht chiqimi esa tirik vazniga nisbatan 60 foizni tashkil etadi. Ayni payt 754 bosh shunday chorva moli “Usen ota” fermer xo‘jaligida boqilyapti. Qo‘ylarning 100 dan ortig‘i qo‘zilagan.

Klaster vakillari mehmonga qo‘ylarni parvarishlash va ko‘paytirish jarayoni to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Elchi viloyatga safari doirasida yirik sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishish maqsadida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ tasarrufidagi Muruntov koni va 2-gidrometallurgiya zavodiga ham boradi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri