Navoiy viloyati va Belarus Respublikasi o‘rtasida hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda
Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov boshchiligidagi rasmiy delegatsiya Belarus Respublikasida bo‘lib turibdi.
Viloyat hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, tashrif doirasida Minsk viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi Aleksey Kushnarenko bilan o‘tkazilgan uchrashuvda hududlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar sanoat, investitsiya, qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohalarida mavjud imkoniyatlarni samarali ishga solish zarurligini ta’kidladilar.

Uchrashuvda “BELAZ” OAJ bilan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, karer texnikasi uchun yirik gabaritli metall konstruksiyalar va ehtiyot qismlar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirish, shuningdek, Minsk traktor zavodi texnikasi uchun mintaqaviy servis bazasini tashkil etish takliflari bildirildi.

Muloqotlar jarayonida Molodechno tumanidagi zamonaviy chorvachilik majmualari tajribasini o‘rganish, naslchilik, veterinariya, ozuqa bazasi va yuqori mahsuldor chorva komplekslarini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik qilish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanib, Navoiy va Minsk viloyatlari o‘rtasida investitsiyaviy va sanoat kooperatsiyasini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha kelishib oldilar.
Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari Gomel shahrida bo‘lib, viloyat ijroiya qo‘mitasi raisi Ivan Krupko bilan uchrashdi.

Viloyat axborot xizmatining xabariga ko‘ra, muloqot chog‘ida ikki hudud o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, sanoat hamda qishloq xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish va savdo aylanmasini oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Navoiy viloyati tomonidan 5 ta ustuvor yo‘nalish – chorvachilik majmualarini ijaraga olish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, Gomel shahrida “Navoiy savdo uyi”ni ochish, “Gomselmash” texnikalari uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, Gomel korxonalari uchun malakali kadrlar tayyorlash hamda tibbiyot sohasida tajriba almashishni nazarda tutuvchi takliflar ilgari surildi.
Gomel viloyati ijroiya qo‘mitasida o‘tkazilgan “12X12” shaklida kengaytirilgan rasmiy muzokaralarda Navoiy viloyatidan 12 nafar mas’ul rahbar hamda Gomel viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi va sohaviy o‘rinbosarlari, boshqarma boshliqlari va yirik korxonalar rahbarlaridan iborat 12 nafar vakil ishtirok etdi.

Uchrashuvda asosiy e’tibor oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amaliyotga tatbiq etish va ikki hududning aniq tarmoqlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratildi.
Uchrashuv yakunida ikki viloyatning sohaviy rahbarlariga belgilangan barcha yo‘nalishlar bo‘yicha mas’ullarni biriktirgan holda aniq muddatlarga ega qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni shakllantirish topshirildi.
O‘zbekistonning Belarusdagi Favqulodda va muxtor elchisi Nuriddin Mamajonov hamda ikki hudud ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etgan ushbu uchrashuvda iqtisodiy, sanoat va ijtimoiy sohalardagi hamkorlikni mutlaqo yangi bosqichga olib chiquvchi muhim bitimlarga erishildi.

Jumladan, “Gomselmash” texnikalari uchun 20 dan ortiq turdagi ehtiyot qismlarni Navoiyda ishlab chiqarish hamda Gomel shahrida Navoiyning 860 turdagi mahsulotlari joylashtiriladigan “Navoiy savdo uyi”ni tashkil etish bo‘yicha bitimlar tuzildi. Belarus texnologiyalari asosida yirik hamda mayda shoxli mollarni yetishtirish, chorvachilik majmualaridan samarali foydalanish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berishni kengaytirishga kelishib olindi. Kardiologiya, onkologiya va transplantologiya bo‘yicha tajriba almashish, 20 nafar navoiylik shifokorning Belarusda malaka oshirishi, shuningdek, Gomel tibbiyot universiteti va Navoiy davlat universiteti hamda ikki viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalari o‘rtasida hamkorlik shartnomalari imzolandi. Navoiydagi kollejlarda Gomel korxonalari standartlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlab, ularni manzilli ish bilan ta’minlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Imzolangan ushbu strategik hujjatlar Navoiy va Gomel viloyatlari o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini yanada mustahkamlab, ikki hudud iqtisodiyoti hamda aholi farovonligi uchun xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Abduvali Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri