Navoiy o‘quv markazi ochiladi
Germaniyaning “Zeppelin GmbH” konserni tarkibidagi “Zeppelin Uzbekistan” kompaniyasi va Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti bilan hamkorlikda tog‘-kon sanoati uchun mutaxassislarni tayyorlash maqsadida “Navoiy o‘quv markazi”ni tashkil etish bo‘yicha memorandum imzolandi.
Mazkur kelishuvda xalqaro ta’lim standartlari asosida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, o‘zaro manfaatli sohalarda ilmiy-texnikaviy va ta’lim sohasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish, ochiq ilmiy-texnik axborot va innovatsion texnologiyalar almashinuvi kabi vazifalar belgilangan.

Endilikda “Caterpillar” o‘quv markazi bazasida “Caterpillar” va “Zeppelin” kompaniyalari vakillari ishtirokida ilmiy-uslubiy seminarlar, ilmiy-amaliy konferensiyalar, vebinarlar, ma’ruzalar va boshqa tadbirlarni o‘tkazish rejalashtirilgan.

– O‘zbekiston ta’lim sohasi rivojiga hissa qo‘shayotganimizdan, tog‘-kon sanoatida malakali mutaxassislarni tayyorlashga ko‘maklashayotganimizdan mamnunmiz, – deydi “Zeppelin Central Asia Machinery” kompaniyasi Bosh direktori Mixail Konsevenko. – Korporativ ijtimoiy mas’uliyat bo‘yicha loyihalarimiz doirasida biz nafaqat yangi o‘quv markazini moddiy-texnik jihozlash bo‘yicha yordam berishga, balki to‘plangan tajribalarimizni to‘liq o‘rgatishga va o‘quv jarayonlarida faol ishtirok etishga tayyormiz. Kompaniyamiz qurilish, tog‘-kon sanoati, neft-gaz, energetika va qishloq xo‘jaligi uchun texnikalar ishlab chiqarish va yetkazib berish hamda texnik xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanib keladi. O‘zbekistonda Toshkent, Zarmitan, Qarshi, Zarafshon, Uchquduq shaharlarida 5 ta xizmat ko‘rsatish markazlari mavjud.
Hamkorlik doirasida ta’lim va texnologiya sohasida qo‘shma ta’lim dasturlari, qo‘shma ilmiy va ilmiy-texnik tadqiqotlarni ishlab chiqish va amalga oshirish ham belgilangan.
Abduvali Bo‘riyev,
O‘zA