Navbatchilik shtabi tunu kun aholi xizmatida
Sirdaryo viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasi tomonidan qish mavsumida aholiga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida tezkor ishchi guruhlar shakllantirildi.
Aholi murojaatlarini qabul qilish, mas’ul ijrochilarga yetkazish va bajarilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha 24 soatlik navbatchilik shtabi tashkil etilgan.
Ichimlik, oqova suvi, elektr va gaz ta’minoti tizimlarida yuzaga kelgan talafotlarni bartaraf etish maqsadida 120 nafar ishchidan iborat 32 ta tezkor avariya ta’mirlash-tiklash guruhlari yo‘lga qo‘yildi. Ishlarni samarali tashkil etish maqsadida jami 20 ta maxsus texnika jalb qilingan.

– Qisqa vaqtda ishchi guruhga 425 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 413 ta murojaat ijobiy hal etilib, tushuntirish ishlari olib borildi, – deydi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Olimjon Hayitqulov. – Hozirda 12 ta murojaat yuzasidan amaliy ishlar olib borilmoqda. Aholi tomonidan qilingan murojaatlar davomida 265 ta ko‘p kvartirali uyning yerto‘la qismidagi ichimlik va oqova suv quvurlari, 8 ta yerto‘la qismi ta’mirlandi, 4 ta uyning lift uskunalari, 121 ta kirish yo‘laklaridagi eshiklarga avtomatik yopish uskunasi (dovodchik) o‘rnatildi. 15 ta elektr shit ta’mirlandi.
Elektr tarmog‘ida kuchlanishlar ortishi oqibatida uzilishlar boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan bartaraf etildi.

Sh.Suyarov, O‘zA