“Nasaf” Qarshida “So‘g‘diyona”ni yenga olmadi
Qarshida futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati superligasi 21-turining so‘ngi va markaziy uchrashuvi “Nasaf” hamda Jizzaxning “So‘g‘diyona” jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi.
O‘z maydonida va chempionat karvonboshisi sifatida maydonga tushgan qashqadaryolik futbolchilar o‘yinda deyarli to‘liq ustunlikka erishdi. Bir qator xavfli vaziyatlar yaratishdi. OFK Kubogi yarim finalidagi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng ruhan va jismonan to‘liq tiknala olmagan “So‘g‘diyona” jamoasi a’zolari nisbatan sustroq harakat qilsalarda, hamoyada bexato o‘ynadi. Bahs qanchalik qizg‘in bo‘lsada uchrashuvning birinchi bo‘limida hisobni ochish hech bir jamoaga nasib qilmadi – 0:0.
Mamlakat chempionligi uchun boshqa jamoalarga nisbatan eng yaxshiroq vaziyatda turgan “Nasaf” futbolchilari 2-bo‘limni yanada shiddatliroq boshladi. Uchrashuvning 50-daqiqasida buni hisobda ham namoyish etdi. O‘ng qanotdan uzatilgan to‘pni “Nasaf” hujumchisi Husayin Norchayev ko‘kragi bilan to‘xtatdi, to‘pi esa to‘g‘ri Mateus Lima Kruzning oyog‘iga kelib tushdi va “Nasaf”ning braziliyalik legioneri zarbada adashmadi – 1:0.

Goldan so‘ng ham qarshilik futbolchilarda hisobni yanada oshirish uchun bir qator vaziyatlar bo‘ldi, ammo shu kuni “So‘g‘diyona” darvozasini qo‘riqlagan Shirinboy Abdullayev bexato harakat qildi. O‘yin oxirlab borgan sari “Nasaf”ning ba’zi futbolchilari hisobni ushlab qolish uchun vaqt cho‘zishga harakat qilgandek ko‘rindi, bunga qarshiliklar qo‘shilmasada, vaqt cho‘zish o‘z so‘zini aytdi va jazolanmay qolmadi.
Bahsning 85-daqiqasida “So‘g‘diyona” futbolchisi Javohir Qahramonov raqib jarima maydoniga yorib kirdi va darvozabon tomonidan qo‘pol ravishda yiqitildi. Bosh hakam Ilgiz Tantashev VARda vaziyatni ko‘rib chiqqach “Nasaf” darvozasi tomon penalti belgiladi. Ushbu penaltini jabrlanuvchi – Javohir Qahramonov golga aylantirdi – 1:1.
Hisob tenglashganidan so‘ng, endi jizzaxlik futbolchilarda vaqt cho‘zishga harakat ko‘paydi. 90+4-daqiqada boshidan jarohat olgan “So‘g‘diyona”ning serbiyalik ligioneri Luka Chermelni olgan jarohatini bahona deb (vaholanki uni boshi yorilib qon oqayotgandi)o‘ylab, bosh hakam, vaqt cho‘zishda aybladi va sariq kartochka ko‘rsatdi. Bu holat uchun o‘z reaksiyasini namoyish etgan futbolchiga 2-sariqni ko‘rsatib, Chermelni qizil kartochka bilan “siylab” maydondan chetlatildi.

Xulosa, “Nasaf” – “So‘g‘diyona” bahsi 1:1 hisobida poyoniga yetdi. Uchrashuvdan so‘ng har 2 jamoa bosh murabbiylari matbuot anjumanida ishtirok etdi.
– "Nasaf" o‘yinni juda yaxshi boshladi. Bizda esa OFK kubogidagi 120 daqiqalik uchrashuvdan so‘ng ayrim futbolchilar tiklanib ulgurishmagandi. Boz ustiga yigitlarning ruhiyatida tushkunlik bor edi. 3 nafar futbolchimiz o‘yinda ishtirok eta olmagan bo‘lsa, yana 3 nafari jarohat olib, maydonni tark etdi. Raqib har tomonlama yaxshi tayyorgarlik ko‘rgani bilindi. Ular oxirgi turda O‘zbekistonni eng kuchli jamoasi “Paxtakor” ustidan Toshkentda zafar quchdi. Lekin shogirdlarim “Nasaf”ga qarshi munosib o‘yin namoyish etdi va buning uchun yigitlarga minnatdorchilik bildiraman”, – dedi “So‘g‘diyona” bosh murabbityi Ulug‘bek Baqoyev.
–Biz bilan o‘z uyimizdagi o‘yinlarda barcha raqiblar ko‘pchilik bo‘lib himoyaviy uslubda o‘ynamoqda. Shu sababdan ham yorib kirishda qiyinchilikka duch kelayapmiz. Bu borada yigitlarga tayinlayapmiz, birinchi bo‘limda, umuman o‘yin davomidagi har bir standart vaziyatdan unumli foydalanish kerak edi, lekin buni udalay olmadik. Men o‘ylaymanki, hammada kayfiyat yaxshi. Muxlislarni ham tushunamiz. Hali oldinda o‘yinlar bor va biz oxirigacha kurashamiz”, – dedi “Nasaf” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev.
21-turning qolgan o‘yinlarida quyidagi natijalar qayt etildi: “Surxon” (Termiz) – “Paxtakor” (Toshkent) – 1:1, “Navbahor” (Namangan) – “Dinamo” (Samarqad) – 2:0, “Metallurg” (Bekobod) – “Bunyodkor” (Toshkent) – 1:2, “Qo‘qon-1912” (Qo‘qon) – “Lokomotiv” (Toshkennt) – 0:0, AGMK (Olmaliq) – “Qizilqum” (Navoiy) 0:1, “Olimpik (Toshkent) – “Neftchi” (Farg‘ona) – 1:1.
A.QAYUMOV, O‘zA