“Namunali targ‘ibotchi”: munosiblar taqdirlandi
Nukusda “Namunali targ‘ibotchi” ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi D.Qurbaniyazov, Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi K.Karimov, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi raisi K.Reymov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog‘iston bo‘limi rahbari T.Atamuratov so‘zga chiqib, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan g‘oya asosida huquqiy davlat, fuqarolik jamiyatini barpo etish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, joriy yilning 19 yanvarida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishdagi “Jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir” mavzuidagi ma’ruzasi ma’naviyat va ma’rifat sohasi uchun katta ijobiy burilish bo‘ldi. Jumladan, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining muvofiqlashtiruvchi rolini kuchaytirish, sohada ilmiy yondashuvni keng joriy etish, ilg‘or tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, vazirlik, idora va tashkilotlarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha “Yo‘l xarita”lari ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilmoqda.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 26 martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha mamlakatimizdagi 10 mingdan ziyod, shu jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 730 ta umumta’lim maktabida ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimi joriy etilib, unga shoir, yozuvchi va jurnalistlarni jalb qilish yo‘lga qo‘yildi. Maqsad, ijodkorlarni yoshlar bilan yaqinlashtirish, ularning ijodkorlik qobiliyatini yuksaltirishga erishishdir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida joriy yilning 19 yanvarida bo‘lib o‘tgan majlis bayonida umumta’lim maktablariga biriktirilgan ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar o‘rtasida ikki bosqichdan iborat “Namunali targ‘ibotchi” ko‘rik-tanlovini o‘tkazish belgilandi.
Mazkur bayon ijrosini ta’minlash, ya’ni ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar faoliyatini takomillashtirish, ularning bilim va ijobiy tajribasini sinovdan o‘tkazish, tajriba almashish, shuningdek, faol targ‘ibotchilarning ishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog‘iston bo‘limi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida qo‘shma qaror qabul qilindi.
Joriy yilning oktyabr-noyabr oylarida bo‘lib o‘tgan shahar va tuman bosqichlarining 17 nafar g‘olibi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida ishtirok etdi. Tanlovning birinchi bosqichida ishtirokchilar zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda o‘zlari biriktirilgan umumta’lim maktablari o‘quvchilari bilan olib borayotgan ijodiy ishlarini namoyish etdi. Shuningdek, o‘z ijodi, o‘zbek va qoraqalpoq adiblarining hayoti hamda ijodi bo‘yicha mahoratlarini ko‘rsatdi.
Tanlov yakuniga ko‘ra, Kegayli tumanidagi 6-umumta’lim maktabining ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi A.Qoyliboyev birinchi, Qonliko‘l tumanidagi 24-umumta’lim maktabining ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi G.Uzaqbergenova ikkinchi, Mo‘ynoq tumanidagi STEAM fanlariga ixtisoslashtirilgan maktabning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi V.Sadullayeva uchinchi o‘rinlarni egalladi.
Tanlov g‘olibi va sovrinli o‘rin egalariga Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog‘iston bo‘limi diplomi va 5 million, 3 million hamda 2 million pul mukofoti topshirildi.
“Eng zamonaviy targ‘ibotchi”, “Eng yaxshi ijodiy targ‘ibotchi”,“Eng zukko targ‘ibotchi”, “Eng a’lochi targ‘ibotchi”, “Eng faol targ‘ibotchi” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar, shuningdek, faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA