Namunali kommunal xizmatlar ko‘rsatilmoqda
Yurtimizda 2018-yildan buyon 18-aprel Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kuni sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.
Bugungi kunda “NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasi tasarrufida Navoiy, Samarqand, Jizzax viloyatlari va Toshkent shahrida 5 ta mehmonxona va ularning bo‘linmalari, 39 ta yotoqxona, 631 ta xizmat xonadoni mavjud.
Ayni paytda 39 ta yotoqxonada 9 ming 177 kishi istiqomat qilishmoqda. Ularning 6 ming 219 nafari “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ, 1 ming 798 nafari “NKMK jamg‘armasi” DM, 589 nafari “Navoiyuran” DK va 571 nafari boshqa tashkilotlarda mehnat qiladi.


– Jamg‘arma va uning hududiy boshqarmalari tomonidan 2023-yilda ishchi-xodimlar va ularning oila a’zolarining yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida 944 nafariga yotoqxonalardan o‘rin joyi va xonalar ajratilgan bo‘lsa, ishchi-xodimlarga 30 ta xizmat xonadoni ajratildi, – deydi Uy- joy masalalarini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Z. Shamshiyeva. – Shuningdek, jamg‘arma tasarrufidagi mehmonxonalar tomonidan 7793 nafar ishchi- xodimga mehmonxona xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lib, ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha mablag‘lar “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ va “Navoiyuran” DK tomonidan to‘lab berildi.


Jamg‘arma tomonidan fuqarolarning murojaatlari alohida nazoratga olingan bo‘lib, ularni ijobiy hal qilish maqsadida chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Jumladan, fuqarolarning 394 ta yozma, 45 ta virtual va “Ishonch telefoni” orqali qilgan murojaatlari belgilangan muddatlarda o‘rganib chiqilgan.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri