Namanganning tashrif qog‘ozi — Gullar festivaliga qizg‘in tayyorgarlik
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyatining an’anaviy tashrif qog‘oziga aylangan Xalqaro Gullar festivaliga tayyorgarlik ishlari izchil davom etmoqda. Yubiley — 65-bor tashkil etilayotgan mazkur festival bu yil har qachongidan ham keng ko‘lamli bezaklar va yangicha landshaft yechimlari bilan o‘tishi kutilmoqda.
Ayniqsa, Yangi Namangan tumani festival tayyorgarligida asosiy hududlardan biri sifatida alohida e’tibor markazida. Bu yerda keng ko‘lamli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilib, hududning zamonaviy va jozibador qiyofasi shakllantirilmoqda.
Xususan, Islom Karimov ko‘chasi bo‘ylab gulzorlar barpo etish, yo‘l yoqalarini rang-barang kompozitsiyalar bilan bezatish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu esa nafaqat estetik ko‘rinishni yaxshilaydi, balki festival mehmonlariga unutilmas taassurot bag‘ishlaydi.
“Namangan suv ta’minoti” AJ tomonidan ham barcha shahar va tuman bo‘limlari hamda suv inshootlari hududlarida obodonlashtirish ishlari tizimli ravishda olib borilmoqda. Gul ko‘chatlari ekish, yashil hududlarni kengaytirish va ularni parvarishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Boshqarma va idoralar atrofida ham gul ekish ishlari kengaytirilib, tashqi qiyofa yanada chiroyli ko‘rinishga keltirilmoqda. Ekilgan ko‘chatlarni sug‘orish va doimiy parvarishlash ishlari ham yo‘lga qo‘yilgan.
Hozirgi kunda tumandagi yashil hududlar, jamoat joylari va infratuzilma ob’ektlarida obodonlashtirish ishlari davom etmoqda. Bu esa festival kunlarida Namanganning yanada fayzli va go‘zal qiyofada namoyon bo‘lishini ta’minlaydi.
[gallery-28456]
Shuningdek, shahardagi kanal va soy qirg‘oqlari obod etilgani, xiyobon va alleyalar barpo etilgani ham alohida e’tirofga loyiq. Abu Rayhon Beruniy nomidagi mahalla hududidan oqib o‘tuvchi Shimoliy Farg‘ona magistral kanali qirg‘oqlarida ham keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgan.
Bugun ushbu manzillardagi umumiy holat ko‘zdan kechirilib, o‘rnatilgan tungi yoritish tizimlari, o‘rindiqlar va yashil maydonlar holati o‘rganildi. Daraxtlar va gulzorlarni parvarishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA