Namanganning eng faol iqtidorli yoshlari
Yakunlanayotgan 2024 – “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” namanganlik iqtidorli o‘g‘il-qizlar uchun keng imkoniyatlar yili bo‘ldi. Ta’lim, tibbiyot, sport, fan yo‘nalishlarida o‘z intilishi va tashabbuslari bilan tengdoshlariga namuna bo‘lganlarni tantanali taqdirlash tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Namangan shahridagi “Ma’rifat maskani”da tashkil etilgan bayramga bag‘ishlangan tadbir avvalida Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov mamlakatimizda yoshlarning kamolotiga qaratilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik haqida alohida to‘xtaldi.

Qayd etish joizki, respublikada birinchi bo‘lib, “Namangan tajribasi” sifatida viloyat Ma’naviyat va ma’rifat kengashi, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Namangan filiali hamda qator organlar va tashkilotlar hamkorligida joriy yilda oliy ta’lim, maktabgacha va maktab ta’limi tizimi hamda boshqa sohalardagi faol yoshlarni rag‘batlantirish tizimi yaratilgan edi. Ayni shundan kelib chiqqan holda, viloyat hokimining bu haqdagi tegishli qarori imzolandi.

Yetti yo‘nalishda tashkil etilgan “Davlat va jamiyat hayotidagi faol yosh” tanlovida – “Eng faol davlat xizmatchisi”, “Eng iqtidorli talaba”, “Eng fidoyi muallim”, “Eng mohir sportchi”, “Eng yaxshi tibbiyot xodimi”, “Eng ma’rifatli va bilimdon o‘quvchi”, “Eng ma’naviyatli yosh o‘qituvchi” nominatsiyalarida uch nafardan yoshga maxsus statuetka va pul mukofotlari tantanali ravishda taqdim etildi.


– Pedagoglik faoliyatimni boshlaganimga endigina bir yarim yil bo‘ldi. Shu qisqa fursat oralig‘ida amalga oshirgan ishlarim e’tiborga olinib, g‘oliblikka loyiq, deb topilganimdan bag‘oyat xursandman, – deydi To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 37-maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi Nodira Nabiyeva. – Bu tanlovdagi ishtirokim erishilayotgan yutuqlarimning davomchisi bo‘ldi. Dunyoga mashhur Oksford universitetining tayanch doktoranturasiga 100 foizli grant va 80 ming dollar miqdoridagi stipendiyani yutib oldim. Ayni paytda shogirdlarimga xorijiy tillarni o‘rgatish borasida uslublarim natijasida vazir jamg‘armasining bir ming dollar miqdoriga teng maosh olaman. Hozirda jismoniy imkoniyati cheklangan o‘quvchilarga ingliz tilini o‘rgatish bo‘yicha ilmiy izlanishlarni olib bormoqdaman.


Tantanali marosimda taqdirlanganlardan bir guruhi o‘z yutuqlari bilan o‘rtoqlashib, ko‘rsatilgan e’tibor va rag‘bat yangi marralarga chorlashini bildirdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA