Namanganni gullar ifori tutgan
Gullar chindan ham ko‘tarinki kayfiyat, shodlik-xurramlik va orastalikning yaqqol ko‘rinishidir. Shu ma’noda, namanganliklar go‘zallik va nafosat, qadriyat va muhabbat, hurmatu ehtirom ramzi sanalgan gullarga alohida mehr qo‘ygan.
Namanganda ko‘hna va navqiron kentning o‘zigagina xos bo‘lgan gullar sayli boshlandi. Har bir ko‘cha, xiyobon, xonadonlargacha chamanzorga burkandi.
Har yilgi an’anaviy bayram Xalqaro gullar festivali maqomini oldi. Bu haqida Vazirlar Mahkamasining maxsus farmoyishi qabul qilindi. Oltmishinchi marta, yubiley tarzida nishonlanayotgan nafosat bayramini xalqaro miqyosda yuqori saviyada o‘tkazish uchun katta tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi.
Asosiy tadbirlar bo‘lib o‘tayotgan Namangan shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i 4 milliard so‘mga yaqin qurilish-montaj, obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limining ma’muriy binosi, “Nuroniylar choyxonasi”, 800 tomoshabinga mo‘ljallangan amfiteatr, ochiq estrada maydoni, “Sokin hudud”, “Nasihat maydoni” barpo etildi. 165 tungi chiroq, 65 so‘ri tokli o‘tirg‘ich o‘rnatildi. To‘qqiz ko‘cha bilan bog‘lovchi shuncha darvoza qad rostladi. Mo‘’tadil havoni saqlab turuvchi favvoralar, 1,5 kilometr ochiq suv tizimi, uchta yerosti drenaji qudug‘i ishga tushirildi. Bir gektarlik ko‘lda “Muzqaymoq orolchalari”, “Qayiqlar bekati”, 48 attraksion barpo etildi. Shaxmat-shashka klubi qurildi. To‘rtta katta gulxona, besh gektarlik maydonda 500 ga yaqin noyob manzarali daraxtlar parvarish qilindi. Bu go‘zal maskanda yoshu keksani birdek o‘ziga ohangrabodek jalb etadigan 10 million dona gul ko‘chati o‘tqazildi.
Bayramga kelganlar yuzdan ziyod korxona, tashkilot va boshqarmalar, tumanlar, professional va havaskor gulchilar tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmalardan zavqu shavqqa to‘lmoqda.
Xalqaro gullar festivali tantanalari viloyatning havo darvozasidan – Namangan xalqaro aeroporti hududidan gullar avtoparadi bilan boshlandi. Unda davlatimiz bayrog‘i bilan bezatilgan o‘zimizda ishlab chiqarilgan avtomashinalar, hatto yuk mashinalari, kombayn, traktor, avtokrandan tortib harbiy texnikalargacha uchratish mumkin. Anvoyi gullarga burkangan 200dan ortiq avtomashina karvoni Islom Karimov shoh ko‘chasidan Temir yo‘l vokzali aylanma yo‘li – Amir Temur – Nodim Namangoniy ko‘chalari bo‘ylab harakatlandi.
Anjumanning tantanali ochilish marosimida Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Koreya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Rossiya kabi xorijiy davlatlardan taklif qilingan va yurtimizning deyarli barcha hududlaridan kelgan mehmonlar, viloyat faollari ishtirok etdi.
“Gullar bayrami madhiyasi” yangragach, Namangan viloyati hokimi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov bayramga yig‘ilganlarni qutlab, ezgu tilaklarini bildirdi.
Xalqaro darajadagi mazkur festivalni tashkillashtirishdan ko‘zda tutilgan maqsad xorijlik mehmonlarga yurtimizdagi gulchilik an’analarini, qolaversa, Namangan viloyati shahar va tumanlarining turizm salohiyatini oshirish, investitsiya jozibadorligini keng targ‘ib etish ekani ta’kidlandi.
[gallery-2507]
Bayram tadbiriga yig‘ilganlar Bobur bog‘ida tashkilotlarning gullar ekspozitsiyalari, shahar va tumanlarning o‘ziga xos an’analarini o‘zida ifoda etuvchi turfa gul dekoratsiya va kompozitsiyalari bilan tanishdi.
– Namanganga birinchi bor kelishim, – deydi qirg‘izistonlik Fazilat Irisova. – Gullar bayrami o‘tkazilishi haqida eshitib, go‘zallikdan bahramand bo‘lish uchun oshiqdik. Bilasizmi, ayollar eng yaxshi ko‘rgan narsa bu – gullar. Gullar avtoparadini ko‘rib, dildan yayradim. Bobur bog‘idagi manzaralardan esa hayratlandim. Menga juda yoqdi.
– O‘zbekistondagi qurilish kompaniyalaridan birida faoliyat yuritaman, – deydi Janubiy Afrika Respublikasidan bo‘lgan Mister Malkoyet Mobaso. – To‘g‘risi, gullar shaydosiman. Dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida bo‘lganman, harbiy paradlarni tomosha qilganman. Ammo Namangandagi kabi tinchlik, ezgulikni targ‘ib etuvchi gullar bayrami juda boshqacha bo‘lyapti. “Gullar shahri” deya ta’riflashganicha bor ekan. Xalqaro festival Namangan uchun muhim ahamiyatga ega, deb hisoblayman.
– O‘zbekistonda xayriya elchisi sifatida barcha viloyatlarda faoliyat olib boryapman, – deydi Buyuk britaniyalik Lord Muhammad Iltaf Shayxning rafiqasi Guli Murodova
– O‘tgan hafta Namanganga kelganimda meni gullar bayramiga taklif qilishdi. Aeroportdan boshlab, “Xotira xiyoboni”gacha bo‘lgan bayramning gullar avtoparadida, Bobur bog‘idagi gullar kompozitsiyasidan olam-olam taassurotlar oldim. Jarayonlarni ijtimoiy tarmoqlar orqali targ‘ib etib bordim. Dunyo kezgan inson sifatida aytishim kerakki, bunday gullar bayrami ezgulik ramzi. Ushbu viloyatda go‘zallikka oshufta, gullarni ardoqlaydigan odamlar ko‘p ekanligini ko‘rib, behad mamnun bo‘ldim.
Maftunkor manzaralar, sermazmun tomoshalardan shodlanish ishtiyoqidagi katta-yu kichik mehmonlar gullar timsolida nafosatga oshufta shahar ahlining azmu shijoati, gulga bo‘lgan mehridan hayratlanib, ularning gulchilik tajribasiga yuqori baho bermoqda.
Namanganning xalqaro brendiga aylangan gullar butun bo‘y-basti bilan namoyon qilinadigan saylda bevosita ishtirok etish uchun dunyoning 20dan ortiq mamlakati, xususan, Namangan bilan birodarlashgan hududga aylangan Turkiyaning Isparta va Usmong‘ozi, Qirg‘izistonning Jalolobod, Xitoyning Sindao, Janubiy Koreyaning Incheon va Seongnam, Pokistonning Panjob, Rossiyaning Chelyabinsk va Sverdlovsk shaharlari vakillariga taklifnomalar yuborildi.
Bundan tashqari, gullar bayramini keng targ‘ib etish uchun jahonning 31 mamlakatidan xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar Namanganga tashrif buyurdi.
Qariyb o‘n kun davomida gul yetishtirish va landshaft dizayni bo‘yicha mahorat saboqlari, milliy hunarmandchilik va xalq amaliy san’at asarlari namoyish qilinadi.
Festivalning tashkiliy qo‘mitasi tomonidan gullar saylida eng yaxshi gul ko‘rgazmasi bilan faol ishtirok etganlar taqdirlanadi. G‘oliblarga “Lasetti” avtomashinasi mukofot sifatida berilishi ko‘zda tutilgan.
Ichki va tashqi turizm rivojida muhim ahamiyat kasb etadigan, 60-an’anaviy Xalqaro gullar bayrami tantanalari ko‘tarinki ruhda davom etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA